Breaking News

Turkiyada harbiylar ustidan sud qayta o'tkazilishi mumkin


Hibsga olingan harbiylarning yaqinlari hukumatga qarshi namoyish o'tkazmoqda, Anqara, 9-oktabrm 2013-yil.
Hibsga olingan harbiylarning yaqinlari hukumatga qarshi namoyish o'tkazmoqda, Anqara, 9-oktabrm 2013-yil.
Turkiya Qurolli kuchlari bayonotiga ko’ra, davlat to’ntarishi harakatida ayblanib qamoqqa tashlangan yuzlab harbiy ofitserlar hukumatga qarshi fitna qurboni bo’lib, ularning ishi qayta ko’rilishi kerak.
Harbiylar ustidan sud, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:03 0:00
Yuklab oling

Amaldagi hukumat 2002-yil hokimiyatga kelgandan beri yuzlab odamlar hukumatni ag’darish rejasini tuzganlikda ayblanib hibsga olindi. Ular orasida mamlakatning sobiq qo’mondoni va boshqa ko’plab yuqori martabali harbiylar bor.

Bosh vazir Toyib Erdog’an maslahatchilaridan biri ularning politsiya va sud tizimidagi ayrim guruhlar tomonidan yolg’on guvohlik berishga majburlangani haqida gapirgach, o’tkazilgan sud ishlarining haqqoniyligi savol ostiga olina boshladi. Hukumat endi xuddi o’sha guruhlarni bosh vazir yaqinlarini korrupsiyada ayblab nishonga olayotganlikda ayblamoqda.

Erdog’an o’tgan hafta sudlarning qayta o’tkazilishiga rozilik berdi.

“Biz qayta sud o’tkazilishi masalasiga ijobiy qaraymiz. Avvalo, biz yangi sud o’tkazishning huquqiy asoslarini o’rnatishimiz kerak”, - dedi u.

Istanbuldagi Siyosat guruhi tahlilchisi Chingiz Aqtarning aytishicha, aybdor deb topilgan harbiylarni qayta sudga tortish masalasi katta o’zgarishdan dalolat.

“Ular saylangan hukumatni ag’darishga uringan edi. Endi xuddi shu hukumat ularni kechiryapti. Nega hukumat ularni afv etmoqchi? Gap shundaki, bu generallar davlat ichidagi boshqa bir davlat tomonidan sudga tortilgan. Asosiy maqsad yanada oshkoralik yoki adolatga erishish emas, balki mana shu ikkinchi davlatga zarar yetkazishdir”, - deydi tahlilchi.

Hukumatga ko’ra, bu ishlar ortida AQShda yashovchi islomiy ulamo Fathulloh Gulen tarafdorlari turibdi. Sud hokimiyatida ular mustahkam o’rnashgani aytiladi.

AQShning Pensilvaniya shtatida istiqomat qiluvchi Gulen bu iddaolarni inkor etadi. Ayrim tahlilchilarga ko’ra, korrupsiya ishlarining boshida turgan prokurorlarning Gulenga yaqin ekani haqiqat.

Iste’fodagi general Haldun Solmazturkning aytishicha, hukumat mavqeidagi o’zgarishlar harbiylar bilan buzilgan aloqalarni tuzatish imkoniyatini ham beradi.

“Biz boshidan bu ishlarning huquqiy emas, balki siyosiy masala ekanini bilganmiz. Bu sudlar harbiy kuchlarning butun bir tizimiga qarshi uyushtirilgan hujumlar edi. Tabiiyki, ko’plab zobitlar bu holatdan xursand emas edi. Nimadir qilish kerak, degan bosim ostida edi”, - deydi u.

Turkiyada 60-yillardan beri harbiylar uch marta davlat to’ntaruvini amalga oshirgan. Ammo Erdog’an partiyasining 10 yildan ziyod hukmronligi davrida harbiylarning ta’siri ancha zaiflashdi.

Siyosatshunos Aqtarning aytishicha, davlat to’ntarishida ayblangan harbiylar ustidan o’tkazilgan sudlarda kamchiliklar bo’lishiga qaramay, ular armiya ustidan fuqarolik nazoratini o’rnatishda muhim ahamiyatga ega bo’lgan edi. Endi shu jarayon to’xtab qoldi, deydi tahlilchi.

“Hukumat zarar yetkaza olmaydigan armiyaning hozirgi holatidan juda mamnun. Lekin Ispaniyada kuzatilgani kabi bu yerda harbiy tizimni qisqartirish yuz bergani yo’q”, - deydi Aqtar.

Ammo hukumatga qarshi isyon rejalagan jinoyatchilarning ozodlikka chiqishini hukmron partiya ichida yoqtirmaydiganlar ko’p. Bosh vazir o’rinbosari Bulent Arinch ham o’tgan hafta shunga ishora qildi.
Tahlilchi Aqtar fikricha, Erdog’an qiyin ishni olg’a surmoqda.

“Partiya ichida generallarning qayta sudlanishini xohlamaydiganlar ko’p. Partiya va aholining barcha qismlariga buni qabul qildirish hukumat uchun oson bo’lmaydi”. – deydi u.

Turkiyada harbiylar siyosiy ta’sirining kamayishi Erdog’an hukumati erishgan eng katta yutuq sifatida ko’riladi. Ammo muhim saylovlar yaqinlashar ekan, aybdor deb topilgan generallarni qayta sudlash masalasini xalqqa taqdim etish bosh vazir uchun oson bo’lmaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG