Breaking News

Kurd isyonchilari Turkiyani tark etmoqda


Diyorbakir shahrida Abdulla O'jalon tarafdorlari juda ko'p
Diyorbakir shahrida Abdulla O'jalon tarafdorlari juda ko'p
Turkiya hukumatiga qarshi uzoq yillar kurash olib borgan Kurdiston ishchilar partiyasi a’zolari Turkiyadan qo’shni Iroq hududiga chiqib ketmoqda. Bu yaqinda rasmiy Anqara va guruh o’rtasida tuzilgan tinchlik sulhining muhim shartlaridan biri. Biroq jarayon silliq kechmayapti.

Kurd isyonchilari Turkiyani tark etmoqda, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00
Yuklab oling

Taxminan, 1500-2000 sonli kurd jangarilari qariyb 30 yil davom etgan isyon ortidan Turkiyani tark etmoqda. Yaqinda erishilgan sulh shartlari shuni taqozo etadi. Hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi so’zlovchisi Husayn Chelikning aytishicha, bu tinchlik o’rnatish jarayonidagi muhim qadamdir.

Qo’llar qurol tepkisidan olindi, miltiqlarning ovozi tindi, bombalar ortiq portlamaydi, bu juda muhim, deydi u.

Hukumat jangarilarni butunlay qurolsizlantirish tarafdori. Bosh vazir Rajab Toyyib Erdog’an seshanba kuni kurd isyonchilariga murojaat etib, ularni mamlakatni tark etishdan oldin qurollarini topshirishga chaqirgan.

Kurd partiyasi esa qurolsizlanishga qarshi. Guruh harbiy rahbari Murat Qorailonning aytishicha, hukumat kuchlari regionda yana jonlangan va hududdan chiqayotgan kurdlar uchuvchisiz samolyotlar orqali kuzatilmoqda.

Kurdlar so’nggi bor 1999-yilda Turkiyani tark etganda hukumat kuchlari qo’lida katta talofatlar ko’rgan edi. Kurd manfaatlarini himoya qiluvchi “Tinchlik va demokratiya” partiyasi yetakchilaridan biri Gultan Kisanak bu safar ham shunday to’qnashuvning yuzaga chiqish ehtimoli yo’q emasligini aytadi.

Agar biror harbiy to’qnashuv yuz bersa, bunga faqat hukumat aybdor bo’ladi, deydi kurd siyosatchisi 1999-yil voqealarini xotirlab. Uning aytishicha, siyosiy yechimga erishmasdan turib qurolsizlantirish haqida gap bo’lishi mumkin emas.

Bosh vazir Erdog’an mamlakatni tark etayotgan isyonchilarga hujum qilinmaydi, deya va’da bergan. Ammo to’qnashuvlar ehtimolining oldini olish uchun isyonchilarning qurolsiz bo’lgani maqsadga muvofiq, deydi u.

Hozirgacha Kurdiston ishchilar partiyasi va turk hukumati o’rtasida rasmiy muzokaralar o’tkazilmagan. Isyonchlarning mamlakatdan chiqishi Turkiya razvedka xizmatining rahbari Hoqon Fidan va kurdlarning hibsdagi rahbari Abdulla O’jalon o’rtasida kechgan norasmiy muloqot natijasidir.

“Milliyat” gazetasi sharhlovchisi, kurd mojarosi bo’yicha ekspert Qadri Gurselning aytishicha, hozir hukumatdan kurdlarga ko’proq huquq berishni so’rash payti.

Jangarilar kurd masalasida sezilarli ijobiy o’zgarish bo’lishini kutadi, deydi u. Agar Turkiya hukumati jiddiy qadam qo’ymasa, ziddiyatlar yanada kuchayadi. Hozir muammoni hal qilishning ayni mavridi; jarayonga to’sqinlik qiladiganlar har qanday muammo uchun javobgar bo’ladi, deydi tahlilchi Gursel.

Turkiya bosh vaziri isyonchilar mamlakatni butunlay tark etmaguncha, rasmiy muzokara boshlanmasligini aytib keladi. Jangarilar birinchi shartni bajarishga kirishgan ekan, hukumat ham guruh talablarini bajarish bo’yicha amaliy qadam tashlashiga umid katta. Kurdiston ishchilar partiyasi, avvalo, minglab kurd faollarining hibsdan ozod qilinishini hamda hududda siyosiy va madaniy islohotlar o’tkazilishini istaydi.

“Adolat va taraqqiyot” partiyasi so’zlovchisi Husayn Chelikning aytishicha, tinchlik jarayonini kuchaytirish uchun hukumat muzokaralarga tayyor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG