Breaking News

Turkiya hali ham Markaziy Osiyo uchun demokratik namunami?


Izmir, Turkiya
Izmir, Turkiya

Turkiya demokratiyadan chekinmoqdami? 16-aprel kuni o'tgan referendum natijasida bosh qomus o'zgaradi. Prezident vakolati oshib, parlament roli pasayadi.

Turkiyada yashovchi o'zbekistonliklarning ko'pi Rajab Toyib Erdog'anning qudrati oshishini quvvatlaydi. Ular nazarida Turkiya haqiqiy demokratiya bo'sag'asida turibdi. Boshqalar nazarida esa Turkiya ortga qadam tashlamoqda.

Turkiyadagi jarayonlar Markaziy Osiyo, jumladan O'zbekistonda ham diqqat bilan kuzatildi. Uning rivojlanish modeli, boshqaruv tizimi mintaqa uchun eng ma'qul namuna sifatida ko'rib kelingan.

Turkiyada minglab o'zbekistonliklar yashaydi, ular orasida o'zbek muxolifati vakillari ham kam emas. So'nggi siyosiy o'zgarishlarning qanday aks-sado berayotgani shu bos ham muhim. Ayniqsa, referendum ortidan demokratik qadriyatlar qanchalik saqlab qolinishi haqidagi xavotirlar kuchaygan bir paytda.

Bu o'lkada yashayotgan o'zbek muxolifati faollaridan biri Namoz Normo'minga ko'ra, avvalgi Turkiya harbiylar diktaturasidan iborat edi, referendum bu diktaturaga barham bermoqda. Erdog'an yetakchiligidagi endigi Turkiya O'zbekiston kabi davlatlar uchun haqiqiy demokratiya namunasi bo'ladi.

“Avvalgi sekulyar, sirli yashirin diktatura O'zbekistonga o'rnak bo'lmagan va o'rnak bo'lishi ham mumkin emas. Agar demokratlar shunday fikrda bo'lsa, chunki u tuzumning Karimov diktaturasidan ko'p ham farqi yo'q edi. Bundan keyin saylov erkinligiga, islomiy, ma'naviy, moddiy qadriyatlarga, to'g'ri ma'noda fikr, so'z, matbuot erkinligiga o'rin bergan hozirgi Turkiya O'zbekistonga o'rnak bo'lishi mumkin. Avvalgi Turkiyani hech bir shaklda O'zbekistonga o'rnak bo'ladigan holi yo'q edi ”, - deydi Normo'min.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o'zbek yozuvchi Safar Bekjon turk tilida ham ijod qiladi, Turkiyadagi jarayonlarni diqqat bilan kuzatib keladi.

Uning fikricha, Markaziy Osiyoda demokratik tamoyillar, turkiy xalqlar birligi go'yasi bilan mashhur avvalgi Turkiya Erdog'an hokimyatga kelishi ortidan islomiy qadriyatlarni ustun ko'rgan davlatga aylana boshladi, referendum natijalari esa uni yakkahokimga aylantirmoqda.

“Erdo'ganning ham Karimovdan farqi oz. Uning oilasi, yaqinlari ham Turkiyada mislsiz boylikni o'zlashtirdi, faqat tushunchlarda farq bor. Karimov zulmga, zo'ravonlikka urg'u bergan bo'lsa, bu islom nomidan xalqni aldayapti. Shuning uchun ham bizga o'rnak bo'lolmaydi. Ya'ni adolat va erkinlik yo'qotilgan jamiyat, u yerda islomiy qadriyatlar ustun bo'ladimi, demokratiyami, uning foydasi yo'q”, - deydi Safar Bekjon.

Namoz Normo'min nazarida G'arbning ulkan bosimiga qaramasdan referendum ochiq va adolatli o'tdi. Turkiya hech qachon diktaturaga qaytmaydi, deydi u.

“Katta bosim bor edi, G'arbdan, Yevropa davlatlaridan. Hatto vazirlarning xorijdagi chiqishlariga ham ruxsat bermay qo'yishdi. Shumi demokratiya? Bularning hammasi ortda qoldi. Referendum o'tdi, xavotirlar o'rinsiz. Turkiya hech qachon O'zbekiston, Eron yoki arablardagi qirollik diktaturasiga aylanib ketmaydi. Chunki uning tarixida bunday bo'lmagan, agar so'nggi 100 yildagi sekulyar diktaturani nazarga olmaganda”, - deydi u.

Mobil-salom: Turkiyada referendum
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:00 0:00

Referendum natijasi 2019-yilga borib kuchga kiradi. Prezident Erdog'an o'lim jazosi qayta kuchga kiritilishi haqida gapirgan. Bu bayonot mamlakatni kelajakda nimalar kutayotganidan bashorat o'laroq ham qabul qilinmoda.

“Bu bayonot jamiyatni qo'rqitishga qaratilgan, ya'ni unga qarshi fikr bildiruvchilarni ogohlantirmoqda. Ayniqsa, o'z muxoliflarini, ularning mamlakatga qaytmasligi uchun. Masalan, Gulen janoblari qaytmaydi, yoki yana minglab harbiylar bor muxolifatdagi. Bu bilan ularning Turkiyaga qaytishini istamayman, tinchgina o'z diktaturamni davom ettiraman demoqchi”, - deydi Safar Bekjon.

O'zbekistonlik jurnalist Ulug'bek Haydarov referendum natijalariga diqqat qaratadi. Unga ko'ra, qarshilar va tarafdorlar o'rtasidagi farqning kichikligi bir tomondan umidli bo'lsa, boshqa tomondan jamiyatda bo'linish kuchaygani bilan xavotirli ko'rinadi.

“Turkiya jamiyatining ikkiga bo'linishi, nazarimda, bugundan boshlandi. Salkam teng yarim aholi qarshi ovoz bergan. Ya'ni buyog'iga agar Erdog'an o'z vakolatlaridan foydalanib, jamiyat nazoratini kuchaytiradigan bo'lsa, bu noroziliklar yana ortib boradi” - deydi u.

Dastlabki natijalarga ko'ra, prezident vakolatlarini kengaytirish tarafdori bo'lganlar qarshilarga nisbatan ko'p. Turkiya muxolifati natijalar soxtalashtirilgani haqida bayonot bermoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG