Yevropa mamlakatlarida yashovchi ko'plab turklar nazarida ona yurtda siyosiy repressiya kuchaygan. Hukumatni tanqid qilganlar qayerda bo'lmasin, bosim ostida. Anqara muxolifat ovozini o'chirish uchun diplomatik usullarni ishga solmoqda.
Prezident Rajab Toyib Erdog'an parlament boshqaruv tizimini zaiflashtirib, o'z hokimiyatini mustahkamlashga urinmoqda, deydi unga qarshi tomonlar. Zamonaviy diktatura ustunlarini o'rnatib, prezidentlikda 2029-yilgacha qolish niyatida, deya bong urmoqda muxolifat.
Turkiya aholisi bu borada ikkiga bo'lingan. Yevropadagi millionlab turklar bundan ta'sirlanib, qizg'in siyosiy bahslar ketmoqda. G'arbdagi saylovchilar natijani belgilashda muhim rol o'ynaydi. Germaniyadagi turklarning 40 foizi, Belgiyadagi vatandoshlarning 60 foizi 16-aprel kunidagi referendumda ovoz berishi kutilmoqda. Yevropa Ittifoqida qairyb 4 million turk istiqomat qiladi.
Murvet O'zturk ismli mustaqil siyosatchi Germaniyada tanilgan turklardan. U yuzlab ming vatandoshi nomidan gapiradi.
Erdog'anning takliflarini rad eting deya saylovchilarni undagani uchun uning hayotiga tahdid qilishgan.
"Internetda yozishdi", - deydi O'zturk xonim. " Shu bilan birga "Sabah" gazetasida ham maqolalar chiqdi. Ularga ko'ra, biz sotqinlarmiz, chunki chet elda yashaymiz. Bizning, ular fikricha, Turkiya kelajagi haqida gapirishga haqqimiz yo'q".
O'zturk xonim deydiki, bu kabi la'natlar unga ilhom berib, yangi harakat boshlandi. Germaniyadagi turk jamoalar birlashib, vatandoshlarning ongiga ta'sir qilishga urinmoqda.
Gollandiyadagi turklar orasida ham shunday faollik kuzatiladi.
Yevropa mamlakatlari chet eldagi saylovlar oldidan ularning zaminida siyosiy tashviqot olib borishni cheklaydi. Ya'ni, xorijiy siyosatchilar kelib, ularning yurtida yashayotgan saylovchilar orasida propaganda ishlari olib bormasligi lozim. Bu qonunlar bilan belgilanmagan lekin shunday odat bor.
Golland hukumati turk vazirini shu bois yaqinda haydab yubordi. Prezident Erdog'an g'azabga kelib, gollandlarni "natsistlarning qoldig'i" deya haqorat qildi.
Erdog'an Germaniya rahbari Angela Merkeldan ham norozi. Uning fikricha, bu mamlakatdagi turklar Berlin tomonidan umuman hurmat qilinmaydi.
Turkiya prezidenti asosiy dushman deb biladigan shaxs Fathulla Gulen Amerikada yashaydi, lekin Yevropada ham tarafdorlari talay. Erdog'an Gulenni uni hokimiyatdan ag'darishga uringanlikda ayblab, uning vatanga ekstraditsiya qilinishini talab qilib keladi. Uning tarafdorlariga ham tazyiq ortgan.
Gollandiya yashovchi Saniye Jalkin deydiki, bugun vatandoshlar xorijda oldingidek erkin emas. Turkiya demokratik qadriyatlarni boy bermoqda, deydi u.
"Uch yildan beri vatanga bormadim, chunki qo'rqaman. Pasportlarimizni olib qo'yishmoqda. Hech qanday asossiz sizni hukumatga qarshi harakatlarda ayblashadi", - deydi Jalkin.
Belgiyadan siyosiy boshpana so'rayotgan turklar soni 120 foizga oshgan.
Ulardan ayrimlariga advokatlik qilayotgan Volter van Stinnbrugg:
"Mijozlarimni ushlab, vatanga olib borganlarga 400 ming yevro mukofot va'da qilingan. Erdog'an prezident emas, sulton bo'lmoqchi. O'lim jazosini tiklamoqchi. Xorijdagi turklarni u dushman deb biladi".
Van Stinbrugg Turkiya bizneslarini ham himoya qilmoqda. Hukumatga yoqmay qolgani uchun ular ham vatanda bosim ostida. Jahon bankiga shikoyat qilib, arbitraj asosida adolat so'rashmoqda.