Breaking News

Rossiya bilan gaz bo'yicha kelishuvdan Anqaraga foydami, zararmi?


Rossiya va Turkiya rahbarlari Anqarada, 1-dekabr, 2014-yil
Rossiya va Turkiya rahbarlari Anqarada, 1-dekabr, 2014-yil

Rossiyaning “Janubiy oqim” gaz quvurini Bolgariya emas, Turkiya orqali yotqizish qarori mintaqaviy energetik markaz bo’lishga intilayotgan Anqara uchun g’alaba sifatida ko’rilmoqda. Biroq ayrim kuzatuvchilar yangi quvur Turkiyaga foyda keltirishidan shubhalanmoqda.

Rossiya rahbari Vladimir Putin yaqinda Anqarada bo’lganida Prezident Rajab Toyib Erdog’an bilan ko’rishib, Turkiyaga gaz quvuri uzatish xususida kelishib oldi. Bryusseldagi Karnegi institutida turk mutaxassisi Sinan Ulgenning aytishicha, Anqara uchun strategik maqsadiga erishishda imkoniyatlar ochilmoqda.

"Agar quvur ishga tushsa, Turkiya mintaqada yirik energetik markazga aylanadi. Turkiya tabiiy gazni turli manbalardan to’plab, so’ng o’ziga to’g’ri keladigan narxda Yevropaga sotmoqchi”, - deydiekspert.

Yangi quvur qiymati 45 milliard dollarga teng “Janubiy oqim” tizimining o’rniga tushadi. Avvaliga quvurni Bolgariya orqali yotqizish rejalangan edi, ammo Putinning aytishicha, Sofiya hamkorlikni cho’zdi.

Tabiiy yoqilg’i manbalaridan mahrum, ammo neft va gazga boy davlatlar o’rtasida joylashgan Turkiya o’zining qulay jug’rofiyasidan foydalanib, Yevropa Ittifoqi uchun yonilg’i bozoriga aylanmoqchi.

Biroq Izmirdagi Yashar universitetida energetika masalalarini o’rganuvchi tahlilchi Emre Isheri Rossiya quvuri Anqaraga foyda keltirishiga ishonmaydi.

"Ko’p narsa kelishuv shartlariga bog’liq. Turkiyaning Rossiya bilan yonilg’i bobida turli shartnomalari bor. Ammo bu hujjatlar Anqaraga yonilg’ini qayta sotishga ruxsat bermaydi, demak Turkiya Rossiya gazini sotib, pul qila olmaydi. Shuning uchun qanday shartlar asosida quvur qurilayotgani juda muhim. Turkiya regionda energetik markazga aylanmoqchi ekan, u tranzit bilan cheklanmasligi kerak”, - deydi Isheri.

Rossiya gazni Turkiyaga qanday narxda sotishi hozircha ma’lum emas. Gazning eng qimmatini Turkiya Erondan oladi, keyingi o’rinda Rossiya gazi turadi. Putin Anqaraga tashrifi chog’ida olti foiz chegirma va’da qildi, ammo Turkiya narxni yanada tushirishni so’ramoqda.

Tahlilchi Sinan Ulgenning aytishicha, Moskva Anqaraning iltimosini qondirishi mumkin, chunki loyiha Rossiyaning strategik va iqtisodiy manfaatlariga javob beradi.

"Rossiya Turkiya bilan munosabatlarni chuqurlashtirishni istaydi, so’ng esa unga uzatayotgan yonilg’i orqali bosim qo’yib, Anqarani Yevropadan uzoqlashtirmoqchi, o’z tomoniga tortmoqchi. “Janubiy oqim” quvuri loyihasini bekor qilib, katta gaz hajmini Turkiyaga yo’naltirishning sababi shu deb o’ylayman”, - deydi Ulgen.

Putinning Turkiyaga so’nggi davlat tashrifi chog’ida Rossiya rahbari Anqarani strategik hamkor deb atadi. Ayrim tahlilchilar Putin va Erdog’anning bir-biriga o’xshashligiga e’tibor qaratadi, ya’ni ikkisi ham avtokratik rahbar, G’arbni tez-tez so’kib turishadi.

Turkiya tabiiy gazning 57 foizini Rossiyadan olarkan, ayrimlar Anqara Moskvaga qaram bo’lib qolishidan xavotir bildiradi. Agar yangi quvur ishga tushsa, Turkiyaning rus gaziga tobeligi 70 foizgacha oshadi.

Rossiya Turkiya uchun qiymati 20 milliard dollarga teng ilk atom elektr stansiyasi qurib bermoqchi. Kreditni ham Anqara Rossiyadan olmoqda.

Tahlilchi Isherining aytishicha, bu qadar tobelik Anqaraning strategik maqsadlariga putur yetkazishi mumkin.

"Men kabi ekspertlarning fikri shuki, Turkiya og’ir ahvolga tushib qolmoqda, chunki bir tomondan neftga, ikkinchi tomondan esa atom energiyasiga tobelik. Bu esa mintaqada jiddiy siyosiy o’zgarishlarga olib kelishi mumkin. Turkiya va Rossiyaning regionda mushtarak manfaatlari yo’q. Suriya, Tog’li-Qorabog’, Ukraina, Kipr masalalarida ikkisi turlicha qarashlarga ega. Turkiyaning Rossiyaga borgan sari tobelashishi Anqaraning mintaqadagi yetakchi roliga salbiy ta’sir qiladi”, - deydi ekspert.

Shu kunga qadar Turkiya Yevropa Ittifoqi kabi Rossiya gaziga bog’liqligini tushirishga harakat qildi. Kelasi yili Ozarbayjondan Turkiyaga va undan nari Yevropaga gaz uzatishni ko’zlovchi TANAP quvurining qurilishi boshlanadi.

Chorshanba kuni Bokuga safar qilgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’li TANAP loyihasini Turkiya uchun ustuvor deb atadi. Tahlilchilar nazarida Moskva taklif etayotgan gaz quvurining Anqara uchun ko’proq foyda keltirishiga ishontirishi uchun hali ko’p ishlar qilishi kerak bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG