Breaking News

Turkiya: Yana bir million odamga boshpana berolmaymiz


Idlibdan qochayotgan aholi, 13-fevral, 2020-yil
Idlibdan qochayotgan aholi, 13-fevral, 2020-yil

Suriyaning Idlib viloyatidagi gumanitar ahvolni muhokama qilish uchun Turkiya Rossiyaga delegatsiya jo’natmoqda. Yuz minglab tinch aholi Suriya hukumati armiyasi boshlagan keng ko’lamli hujumlardan qochishga urinyapti.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an mavzuni AQSh rahbari Donald Tramp bilan telefonda muhokama qilgan.

“Taxminan bir million odam Idlibdan bizning chegaramiz tomon yaqinlashmoqda. Shundoq ham 3,5-4 million qochqinni qabul qilganmiz. Yana bir million odamga boshpana berolmaymiz”, - deyiladi suhbat ketidan Erdog’an chiqargan bayonotda.

Germaniyada Myunxen Xavfsizlik konferensiyasida ishtirok etgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho’g’lining aytishicha, agar sulhga erishilmasa, ikki million qochqin Suriyaning Turkiya bilan chegara hududiga yopirilib kelishi mumkin.

Masala 17-fevral kuni turk delegatsiyasining Moskvaga tashrifi chog’ida muhokama qilinadi. Rossiya Suriya Prezidenti Bashar Assadni qo’llab-quvvatlaydi, Turkiya esa isyonchilarni.

“Chegaramizga kelayotgan odamlar uchun Germaniya ko’magida vaqtinchalik boshpana quramiz. Lekin bu aynan vaqtinchalik yechim. Sulh kerak”, - deydi Chovusho’g’li.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Hayko Maas Myunxenda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovdan Suriyaga bosim o’tkazishni so’ragan.

“Janglar to’xtamasa gumanitar falokat ro’y beradi”, - deydi Maas.

Turkiya va Germaniya Tashqi ishlar vazirlari Mavlut Chovusho'g'li va Hayko Maas
Turkiya va Germaniya Tashqi ishlar vazirlari Mavlut Chovusho'g'li va Hayko Maas

Myunxen konferensiyasida so’zlagan Lavrov, o’z navbatida, Idlibning ayrim qismlari “terrorizmning so’nggi o’choqlari” bo’lib qolayotganini ta’kidladi. Unga ko’ra, Moskva va Anqara o’rtasidagi kelishuvlar ham sulh, ham qurolsiz zona yaratilishini ko’zlaydi va eng muhimi – oppozitsiya va terrorchilarni bir-biridan ajratishi kerak.

“Ushbu kelishuvlar terror tahdidiga qarshi kurashning to’xtashini anglatmaydi”, - deydi Lavrov.

“Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti rahbari Kennet Rotning aytishicha, Suriya hukumatiga havo kuchlari bilan yordam berayotgan Rossiya inqirozni bartaraf eta oladi.

“Lekin Rossiya bahonalar bilan cheklanmoqda”, - deydi u.

Idlibda minglab jihodchilar borligi ayon, deydi Rot, lekin bu tinch aholini ayamasdan bombardimon qilishni oqlamaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG