Breaking News

Turkiya strategik bo'g'ozlarni Rossiya uchun yopishi mumkin


O’tgan oyda Rossiya qiruvchi samolyotining Turkiya harbiylari tomonidan urib tushirilishidan keyin Moskva va Anqara aloqalari taranglashdi. Oqibatda Turkiya Bosfor va Dardanel bo’g’ozini yopishi ehtimoli oshdi. Bu suv yo'llari esa Rossiyaning savdo va floti, xususan Suriyadagi kampaniyasida katta ahamiyatga ega.

Istanbulni ikkiga bo’ladigan 30 kilometrlik Bosfor bo’g’ozi Qora dengizni xalqaro suvlardan ajratib turadi.

Rossiya neftining aksar qismi hamda Suriyadagi Rossiya qo’shinlarini ta’minlab turgan Qora dengiz floti aynan shu bo’g’ozdan o’tadi. Bu hudud Moskva va Anqara o’rtasidagi eng og’riq nuqtaga aylanish mumkin.

“Rossiya bilan aloqalar yanada keskinlashsa, Turkiya bu masalani ko’tarishi mumkin. Montryo shartnomasiga ko’ra, agar Turkiya mojaro ishtirokchisi bo’lsa, dushman tarafni bog’ozdan foydalanishiga ruxsat bermaslikka haqli. Lekin bu juda xavfli masala, albatta”, - deydi iste’fodagi turk elchisi Murod Bilhan.

Bosfor va Dardaneldan foydalanishni ko’zda tutadigan Montryo Konvensiyasi 1936-yilda qabul qilingan. O’shandan beri Turkiya bu suv yo’llarini hech bir taraf uchun yopmagan edi. Biroq Rossiya matbuotida Turkiya rahbariyati ayrim kemalarning o’tishini atayin sekinlashtirayotganlikda ayblanmoqda. Anqara esa buni inkor etadi.

Istanbuldagi Shoh Sulaymon universitetidan siyosatshunos Chingiz Aktar deydiki, agar Anqara bo’g’oz ustidan nazoratni Moskvaga qarshi ishlatsa katta muammo vujudga kelishi mumkin.

“Bu katta xalqaro mojaroga sabab bo’ladi. Xavf juda katta”, - deydi u.

Kuzatuvchilar fikricha, Anqara Montryo Konvensiyasini buzish yoki qayta ko’rib chiqilishidan manfaat ko’rmaydi. Ammo Rossiya dengizchining Bosfordagi harbiy kema ustida raketa otuvchi aslahani ko’tarib tushgan rasmi matbuotda paydo bo’lganidan keyin ziddiyat kuchaydi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Movlut Chovusho’g’li bu holni provokatsiya deb atadi va davlat unga javob qaytarishga tayyorligini bildirdi.

Iste’fodagi diplomat Bilhan nazarida, Anqara ekologiyani sabab sifatida ko’rsatib, bo’g’ozni yopishi hech gap emas.

"Bahaybat tankerlar, transatlantik kemalar bo’g’oz va Istanbul uchun katta tahdidga aylanmoqda. Axir shahar aholisi 18 millionga yetgan,” – deydi u.

Moskva va Anqara Suriya urushida dushman taraflarni dastaklar ekan, ikki tomonlama munosabatlarda Bosfor va Dardanel asosiy masala bo’lib qoladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG