Breaking News

Anqara AQSh va Rossiya o'rtasida muvozanat topishga qiynalmoqda


Turkiyaning Rossiyadan "S-400" raketa tizimini sotib olishi yuzasidan Anqara-Vashington aloqalari taranglashishda davom etmoqda.

Vashingtonga ko'ra, Rossiya raketalari Turkiya AQShdan oladigan "F-35" qiruvchi samolyotlari texnologiyasini xavf ostiga qo'yadi. NATO a'zosi bo'lgan Turkiya shu yili AQShdan "F-35" samolyotlarini qabul qilib olishi kerak. Agar Turkiya Rossiya raketa tizimini sotib olsa, Vashington samolyot savdosini bekor qilishi haqida ogohlantirgan. Bundan tashqari, Turkiyaga qo'shimcha sanksiyalar qo'llanishi mumkin.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho'g'li Vashington xavotirlarini rad etdi.

"Agar AQSh da'volari to'g'ri bo'lsa, "S-400" tizimi allaqachon "F-35" samolyotlari sirini qo'lga kiritib bo'lgan, chunki har ikkisi Suriyaga, Boltiq mintaqasiga va shimolga joylashtirilgan", - deydi Chovusho'g'li.

Xabarlarga ko'ra, Vashington Anqaradan iyul oyida yetkazib berilishi kutilayotgan Rossiya raketalarini to'xtatib turishni so'ragan. Turkiya Mudofaa sanoati prezidenti Ismoil Demir esa raketalar kelasi oydayoq kelishi mumkinligini aytgan.

"Biz jiddiy davlatmiz, Rossiya bilan kelishuvimiz davom etadi", - dedi Demir jurnalistlar bilan uchrashuvda.

Chovusho'g'li ham raketalar kechiktirilishi haqidagi xabarlarni rad etib, bu narsa hatto ko'rib chiqilmayotganini aytdi.

Anqara ayni paytda Suriyaning Idlib shahridagi muxolif kuchlar bo'yicha qo'shma ishchi guruh tuzishni so’rab Rossiyaga murojaat qilgan va Moskva bu taklifni qo'llab-quvvatlagan.

Rossiya va Turkiya Eron bilan birgalikda "Ostona tinchlik jarayoni" tashabbusi doirasida Suriyadagi fuqarolar urushini tugatish va uzoq muddatli tinchlikka erishish ustida hamkorlik qilmoqda. Lekin mamlakat uchun yangi konstitutsiya yaratish yuzasidan mavjud kelishmovchiliklar bois bu harakatlar to'xtab qolgani aytiladi.

Bu orada AQSh va Turkiya diplomatlari o'zaro ziddiyatlarni kamaytirishga urinmoqda. Anqara Suriya bilan cheagarada jangarilar kirishining oldi olinadigan xavfsiz zona yaratilishini talab qilmoqda. Turkiya Suriyada kurashayotgan kurdlarning “YPG” guruhini terrorchi tashkilot deb biladi.

“Islomiy davlat” terror guruhiga qarshi kurashda Vashingtonning “YPG”ni qo’llab-quvvatlashi Turkiyaning keskin noroziligiga sabab bo’ldi. Suriya va Turkiya o’rtasida xavfsiz zonaning yaratilishi Vashington-Anqara aloqalaridagi taranglikni yumshatishi kutilayotgan edi.

Anqaraning aytishicha, Prezident Rajab Toyib Erdog’an AQSh rahbari Donald Tramp bilan yaqin ishchan aloqaga ega va ikki mamlakat o’rtasidagi ziddiyatlar davlat rahbaridan mustaqil harakat qilayotgan tomonlar ishining natijasidir.

Tahlilchilarga ko’ra, Turkiyaning G’arbdan uzoqlashishi Moskvaning bir necha o’n yillik strategik orzusi va maqsadi, lekin Rossiya va Turkiyaning yaqinlashishi tarixiy va mintaqaviy sabablarga ko’ra amalga oshmaydi.

“Afsuski, Anqara Rossiya va AQShni bir-biriga qarshi qo’yib, bundan foydalanmoqchi. Lekin bu narsa ish bermaydi”, - deydi tadqiqotchi Chingiz Aqtar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG