Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlov Anqara shahrida san'at ko'rgazmasida gapirayotganida orqasidan to'pponcha bilan otilgan. Zudlik bilan kasalxonaga yetkazilgan elchi keyinroq vafot etgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Mariya Zaxarova Karlovning halok bo'lganini tasdiqladi.
"Bugun jamoat tadbirida noma'lum shaxs to'satdan o'q ota boshladi. Natijada Turkiyadagi elchi Andrey Karlov yaralandi va o'ldi", - deya ma'lumot berdi Zaxarova.
Hodisa Karlov Rossiya elchixonasi homiyligida tashkil etilgan "Rossiya turklar nazarida" nomli fotoko'rgazmada qatnashayotgan payt sodir bo'lgan.
O'q otgan shaxs kostyum-shim va galstukda bo'lgan hamda to'pponchadan sakkiz marta o'q uzib, "Allohu akbar" deb qichqirgan. Uning rus tilida ham so'zlagani va bir necha rasmlarni sindirgani ham xabar qilinmoqda.
Turkiyaning "NTV" telekanalining ma'lum qilishicha, politsiya keyinroq o'q otgan shaxsni otib o'ldirgan. Boshqa xabarlarga ko'ra, u hibsga olingan.
Anqara meri Melih Go'kchek hujumni amalga oshirgan shaxs politsiyachi bo'lganini ma'lum qildi.
AQSh Davlat departamenti voqeadan taassuf bildirib, voqeani qoraladi.