Breaking News

Turkiya Xitoy va Rossiya bilan yaqinlashmoqda


Rossiya prezidenti Vladimir Putin (chapda) Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an bilan, Istanbul, 3-dekabr, 2012-yil.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin (chapda) Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an bilan, Istanbul, 3-dekabr, 2012-yil.
Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo’shilish harakati behuda ketgach, NATO a’zosi bo’lgan bu o’lka endi Osiyodan o’ziga hamkorlar qidirmoqda. Uning Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarini o’z ichiga oluvchi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) bilan bitim imzolashi shundan dalolat beradi. Ammo Anqaraning Kreml va Pekin bilan aloqalari har doim ham silliq kechgan emas.

Turkiya va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00
Yuklab oling

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto’g’li Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bilan tuzilgan shartnomani tarixiy voqea deya baholadi. Uning aytishicha, Turkiya NATOga a’zo bo’laturib ShHT bilan aloqa o’rnatgan birinchi davlatdir. Sovuq urush davrida bu narsaning ro’y berishi favqulodda holat edi, ammo Turkiya bugun u davr mantig’i bilan o’ylamaydi, dedi Dovuto’g’li.

AQSh Anqaraning NATO tashqarisidagi guruhlar bilan bunday aloqa o’rnatishiga shubha bilan qaraydi. Turkiya tashqi ishlar vaiziriga ko’ra esa, bu kabi ko’p tomonlama munosabat olib borish g’ayrioddiy emas. Chunki Moskva va Pekin bugun NATOning dushmanlari hisoblanmaydi, deydi u.

“Taraf” gazetasi tahlilchisi Semih Idizning aytishicha, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti a’zolari tarixiy va madaniy jihatdan Turkiyaga yaqin.

“Tashkilotning ayrim a’zolari turkiy xalqlar, bittasi – Tojikiston forsiy millat, ammo, baribir, musulmon xalq. Bu guruhda madaniy jihatdan bir-biriga yaqin davlatlar ko’p bo’lgani uchun odamlar uni musulmon yoki turk-musulmon guruhi sifatida ko’radi”, - deydi jurnalist.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti 2001-yil Xitoy, Rossiya hamda Markaziy Osiyoning to’rt davlati – Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekiston tomonidan terrorizm va narkotrafikka qarshi birgalikda kurashish maqsadida tashkil etilgan.

Karnegi jamg’armasining Yevropa bo’limida tadqiqot olib borayotgan Sinen Ulgenga ko’ra, Turkiyaning Shanxay guruhiga qo’shilishi, aslida, Yevropa Ittifoqiga qarshi qaratilgan bir ishoradir.

“Bu Turkiyaning Yevropa Ittifoqi a’zosi bo’lishiga qarshi chiqqan ayrim ittifoq a’zolariga ogohlantirishdir. Ikkinchidan, Anqara o'zini nafaqat hududda, balki butun dunyoda ta’sirchan kuchga aylanganini ko’rsatmoqchi”, - deydi tahlilchi.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog’an Turkiya a’zoligining Yevropa Ittifoqi tomonidan hanuz ortga surib kelinayotganini kechirib bo’lmas xato deb atagan.

Tahlilchi Idiz fikricha, Turkiyaning Shanxay tashkiloti bilan aloqalari qanchalik yaqin bo’lishi aniq emas. Rossiya va Xitoy bilan mavjud ayrim kelishmovchiliklar bartaraf etilmaguncha, yaqin hamkorlik o’rnatilishi dargumon, deydi u.

“Turkiya hamda tashkilot a’zolari o’rtasida, ayniqsa, Rossiya bilan jiddiy manfaatlar to’qnashuvi bor. Masalan, Turkiyaning Suriya bilan munosabatlari bunga ta’sir qiladi. Shuningdek, Anqara Xitoyning Shinjon uyg’urlariga qarshi olib borgan siyosatini ikki yil avval genotsid deb atagan edi. Ammo ularning savdo aloqalari juda yaxshi. Munosabatlarni tortib ketadigan asosiy kuch shu bo’ladi”, - deydi Semih Idiz.

Anqara Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bilan aloqalarini yanada rivojlantirish niyatida ekanini aytmoqda. Ammo Yevropa Ittifoqiga qo’shilish masalasi yana jonlansa, bu osiyoliklar bilan munosabatlar istiqboliga soya solishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG