11-oktabr kuni Suriyaning turk qo’shinlari nazoratidagi Afrin shahrida avtomobilga joylangan bomba portlashini Turkiya suriyalik kurdlardan ko’rar ekan, Anqara ularga qarshi yangi amaliyot o’tkazishi mumkin.
"Sabr kosamiz to’ldi. Ayrim hududlar mamlakatimizga qarshi terror xurujlari manbasiga aylangan”, - dedi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an.
Turkiya, asosan, suriyalik kurdlardan iborat “Xalq mudofaa qismlari” tashkilotini Turkiyadagi bo’lginchi kurdlar bilan aloqada ayblar ekan, Erdog’an Halab viloyati tarkibiga kiruvchi Tell-Rif’at shahridan kurdlarni quvib chiqarmoqchi. Anqaraga ko’ra, turk qo’shinlariga hujumlar aynan shu shahardan taralmoqda. Biroq Tell-Rif’at ayni damda rossiyalik askarlar nazoratida.
"Bu masalada Rossiyaning hamkorligi o’ta muhimdir, chunki havo sarhadlarida rus samolyotlari hukmronlik qilmoqda. Tell-Rif’at joylashgan hududning turk chegarasidan uzoqroqligi ham amaliyotni ruslar yordamisiz qiyinlashtiradi”, - deydi Marshall jamg’armasidan O’zgur Unluxisarchikli.
Tell-Rif’at strategik shahar bo’lib, muhim transport markazi hisoblanadi, ikkinchi yirik shahar Halabga yaqin. Biroq kuzatuvchilar Moskvaning Anqaraga shaharni o’z nazoratiga olishga imkon berishiga ishonmaydi.
"Rossiya qattiq savdolashadi deb o’ylayman. Agar o’zi uchun muhimroq narsani undirishga ko’zi yetsa, rozi bo’lishi mumkin. Axir shuni unutmangki, Turkiyaning uch harbiy amaliyotidan ikkisi Rossiya yordami bilan o’tkazilgan”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazidan G’olib Dalay.
“Xalq mudofaa qismlari” jangchilari “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda AQShning muhim hamkori ekan, Turkiyaning ularga qarshi amaliyoti usiz ham tarang bo’lib turgan Vashington-Anqara aloqalarini yanada murakkablashtirishi aytilmoqda.
Ba’zilar nazarida, Erdog’an uchun ushbu amaliyot 2023-yilda bo’ladigan prezident saylovlaridan oldin muhimdir.
"Ayni paytda diplomatik va boshqa turdagi zarar yoki Suriyada yangi harbiy amaliyot ortiqchalik qiladi. Balki bu saylovdan oldin tashviqot quroli sifatida kerakdir”, - deydi “Duvar” axborot portali jurnalisti Oydin Seljen.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Erdog’an kamdan-kam hollarda quruq do’q-po’pisalar qiladi, demak, bungacha uch marta Suriyada amaliyot o’tkazgan Turkiya uchun to’rtinchisi haqiqiy ehtimoldir.
Facebook Forum