Suriyada hukumat kuchlari Rossiya yordamida isyonchilarning so’nggi qal’asi bo’lmish Idlibga hujumlarni kuchaytirgan. Idlibda joylashgan turk askarlari hududning hukumat nazoratiga o’tishida eng katta g’ovdir. Anqara mojaroning kuchayishi minglab suriyaliklarning Turkiya chegarasi tomon yopirilishidan xavotirda.
“Turk askarlari qaltis vaziyatda. Suriya va hatto rus harbiylari bilan yoki Idlibni nazorat qilayotgan va amirliklar tuzib olgan guruhlar bilan to’qnashish xavfi mavjud”, - deydi iste’fodagi general Haldun So’lmazturk.
O’tgan yili Idlibga havo hujumida Turkiya 33 askarini yo’qotgan. Isyonchilar Suriya hujumda hukumatini ayblagan.
Turkiya va Rossiya rahbarlari Idlibni turk harbiylari nazorat qilishiga kelishib olgan. Biroq Moskva Anqarani kelishuvga amal qilmayotganlikda va hududni radikal jihodchi guruhlardan tozalamaganlikda ayblamoqda.
Turkiya muxolifati Idlibga hujumlar gumanitar ofatga yetaklashi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
“Aholi Suriya armiyasining Rossiya harbiy-havo kuchlari yordamida hujum rejalayotganiga ko’zi yetsa, shimol tomon qochishga harakat qiladi. Bu esa yangi migratsiya to’lqiniga turtki beradi, Turkiya chegarasida tarang vaziyatga yetaklaydi. Biz yuzlashayotgan eng katta xavf shudir”, - deydi Jumhuriyat xalq partiyasidan deputat Unal Cheviko’z.
Ayni damda Turkiyada salkam 5 million qochqin jon saqlamoqda, aksariyati Suriyadagi fuqarolar urushidan qochgan. Qochqinlarning yangi to’lqini bilan yuzlashish ehtimolidan xavotirga tushgan asosiy muxolif partiyalar hukumatni Damashq bilan muloqot boshlashga undamoqda. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bundan bosh tortsa-da, Bashar Assadning ittifoqchisi va himoyachisi Vladimir Putin bilan aloqa qilib turibdi. Tahlilchilarga ko’ra, Rossiya prezidenti Idlibdagi hozirgi ziddiyatlardan manfaatdor.
“Olti yillik tanaffusdan so’ng Bashar Assad bir oy oldin birdan yarim kechada Moskvaga otlanib, Putin bilan yuzma-yuz ko’rishdi. Shundan keyin Erdog’an Sochiga bordi. Bu bilan Putin o’zini Erdog’an va Assadni Rossiya manfaatlari yo’lidan borishga undovchi vositachi qilib ko’rsatmoqda”, - deydi “Duvar News” portali sharhlovchisi Oydin Seljen.
Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Putin Suriya va Turkiya o’rtasida Idlib bo’yicha yana bir kelishuvga vositachilik qilib, ham Anqara, ham Damashq jilovini qo’ldan chiqarmaslikka harakat qiladi.
Facebook Forum