Breaking News

Turkiya Suriya hujumiga javob berdi, Damashq tanqid ostida


Turkiyaning Suriya chegarasiga yaqin Akchakale shahri, 4-oktabr, 2012-yil.
Turkiyaning Suriya chegarasiga yaqin Akchakale shahri, 4-oktabr, 2012-yil.
Kecha Suriyadan otilgan snaryad Turkiyaning Akchakale shahrida besh kishini o’ldirgach, Turkiya armiyasi qo’shni davlatni nishonga olgan. NATO Bryusselda favqulodda majlis o’tkazib, Suriyani xalqaro qonunlarga rioya qilishga chaqirgan.

Turkiya Bashar al-Assad hukumatini xalqqa qarshi zug’umda ayblab, Suriya mojarosiga barham berish va Assadni hokimiyatdan ag’darish maqsadida xalqaro hamjamiyatdan Suriyaga qo’shin kiritishni so’rab keladi. Iyun oyida Suriya Turkiyaga qarashli harbiy samolyotni urib tushirganidan so’ng Anqaraning xalqaro interventsiyaga da’vatlari yanada kuchaydi. Kechagi voqeadan so’ng esa Rajab Toyyib Erdog’an hukumati tashabbusni o’z qo’liga olishga qaror qilib, Suriyani o’qqa tutdi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun mintaqada vaziyat keskinlashi haqida ogohlantirib, Damashqni qo’shni davlatlar xavfsizligiga tahdid solmaslikka, ichki nizoni darhol tugatishga chaqirdi.

AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton esa vaziyatni juda ham xavfli deya baholadi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’li BMT va NATO rahbarlari bilan telefon orqali so’zlashib, Suriyaga xalqaro qo’shin tortishga yana bir bor chaqirdi.

NATO shu kungacha bunday da’vatlarga qarshi chiqib kelayotgan edi, ammo kechagi voqeadan so’ng, deydi ayrim tahlilchilar, alyans qo’l qovushtirib o’tira olmaydi. NATO bayonot chiqarib, bu masalada o’z a’zosi, Turkiyani qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

Turkiya bugun ham Suriya armiyasini artilleriyadan o’qqa tutgan. Erdog’an ma’muriyati urush qilish niyatimiz yo’q, ammo kerak bo’lsa, qarshi hujum qilamiz, demoqda.

Hujumlar, asosan, Suriyaning Turkiya chegarasidan 10 kilometr naridagi Tel-Abiyad shahri yaqiniga qaratilgan. Turk zobitlarini o’ldirgan snaryad o’sha yerdan otilgani aytilmoqda. Turkiya hujumida suriyalik bir necha zobit halok bo’lgani ma’lum. Suriya taloflatlari aniq emas.

Suriya Axborot vaziri Umran Zoabiyning aytishicha, rasmiy Damashq voqeadan afsusda, Turkiya xalqiga hamdardlik bildiradi va snaryad hujumini tergov qiladi.
Sal keyinroq Suriya hukumati voqea bo’yicha rasman uzr so’radi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg Turkiyaga qarshi hujumni qoralab, Suriya mojarosi xalqaro tinchlikka xavf solayotganini aytdi.

"Turkiyaning javobi o’rinli. U bilan yonma-yonmiz, ammo vaziyatning kattaroq mojaroga aylanishini istamaymiz", - dedi Xeyg.

Erdog’an hujumni provokatsiya deb atagan. Turkiya BMT Xavfsizlik Kengashiga maktub yo’llab, Suriya agressiyasini to’xtatish uchun chora ko’rishni talab qildi.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Gido Vestervelle kengash a’zolarini bir yoqadan bosh chiqarib, ish qilishga chaqirdi.

Pentagonga ko’ra, Akchakaledagi voqea Suriya rejimining mas’uliyatsizligidan dalolat va Qo’shma Shtatlar Turkiyani bu masalada to’liq qo’llab-quvvatlaydi.

Rossiya nazarida bu Suriya tomonidan ataylab qilingan hujum emas, shunchaki fojiali ehtiyotsizlik.

Suriya hujumi Turkiya parlamenti muhokamasida
Suriya hujumi Turkiya parlamenti muhokamasida
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Assad ma’muriyati bu kabi voqealarning ortiq takrorlanmasligi uchun chora ko’rishga va’da berdi.

Turkiyada Iroq shimolidagi kurd jangarilariga qarshi harbiy harakatlarga ruxsat beruvchi qonun kuchda. Parlament bugungi majlisida hukumatga xorijiy davlatga qo’shin kiritishga ruxsat beruvchi qaror qabul qildi. Hujjat bir yilga mo’ljallangan.

Bosh vazir o’rinbosari Beshir Atalayning aytishicha, bu urush e’lon qilish degani emas, shunchaki Suriyani takror agressiyadan ogoh qiluvchi chora.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG