Breaking News

Turkiyada o'zbeklar ustidan reydlar o'tkazilmoqda


Turk politsiyasi tomonidan nazorat ostiga olingan yuzdan oshiq o'zbek qochqinlari deportatsiya tahdidi ostida qolmoqda. Politsiya nega aynan o'zbek qochqinlari nishonga olinayotgani yuzasidan izoh bermagan.

Inson huquqlari tashkilotlari Turkiya hukumatini tazyiqlardan qochib u yerga borgan muhojirlarni O'zbekistonga qaytarish xavfli ekanligidan ogoh etishmoqda. Hibsdagi qochqinlarning ayrimlari turli radikal oqimlarga, hatto Turkiyadagi davlat to'ntarishiga urunishda aloqadorlikda gumonlanayotgani haqida ma'lumotlar bor.

Turkiyada hibs qilingan 150 dan ortiq qochqinlarning ayrimlari ixtiyoriy ravishda mamlaktdan chiqib ketish sharti bilan ozod qilingan, ammo ko'pchilik, jumladan, ayollar va yosh bolalar ham, hamon majburiy deportatsiya tahdidi ostida qolmoqda. Hibsdagilar orasida mintaqaning boshqa davlatlari fuqarolari ham bor, lekin ularning ham aksariyati etnik o'zbeklar. Politsiya nega aynan o'zbek qochinlari nishonga olinayotgani yuzasidan biror izoh bermagan.

Turkiyadagi Muhojir haq-huquqlarini himoyalash xalqaro tashkiloti (UMHD) Turkiya hukumatini O'zbekistondagi tazyiqlardan qochgan muhojirlarni ortga qaytarish o'ta xavfli ekanligidan ogohlantirmoqda. Tashkilot tomonidan uyushtirilgan matbuot anjumanida o'zbeklar Toshkent rejimining siquvlari bois mamlakatni tark etishga majbur bo'lishgani aytiladi.

Istanbuldagi "O'zbeklar birligi“ tashkiloti ham bu borada bayonot bilan chiqdi. Unda ta'kidlanishicha, politsiya 80 dan oshiq o'zbekistonlikni hibsda qoldirish yuzasidan qaror chiqargan. Hibsdagilarning ayrimlari turli radikal oqimlarga, jumladan, "Islomiy davlat“ gurihiga aloqadorlikda gumonlanyotgani ma'lum.

Bayonotda aytilishicha, qochqinlar Turkiyada terorchi tashkilot sifatida e'lon qilingan Fathulla Gulen jamoatiga aloqadorlikda ham gumon qilinmoqda. Muxolifatdagi O'zbekiston Xalq Harakati tarqatgan ma'lumotga ko'ra, o'zbek qochqinlarining aksariyati Erdog'an hukumatini himoya qilib o'tkazilgan namoyishlarda faol qatnashgan.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan diniy faol Muhammadsolih Abutovning aytishicha, hibsdagilarning aksariyati namozxon musulmonlar, ular orasida Gulen jamoatiga aloqadorlar bor, deyish qiyin.

"O'zbeklar birligi“ tashkiloti raisi o'rinbosari Alijon Yo'lyaxshiyev hibsdagi o'zbeklar Gulen jamoasiga aloqadorlikda tekshirilayotganini aytdi. Ammo o'zbeklarni bu tashkilotga aloqadorligi shubhali, boshqa bir radikal tashkilotga aloqadorlar bordir. Har holda Turkiyada radikal qarashdagi o'zbeklar ham ko'pligi sir emas. Lekin hibsdagilar orasida Erdog'anni qo'llab chiqqan o'zbeklar ham ko'p, bunisi esa mutlaqo tushunarsiz“, - deydi Abutov.

Turkiyada o'zbek qochqinlari jamoasi nishonga olingani yuzasidan biror izoh mavjud emas, ammo bu turk politsiyasi o'zbek qochqinlariga nisbatan birinchi tekshiruvlari emas.

Iyun oyida o'nlab odam qurbon bo'lgan Istanbuldagi aeroportda sodir etilgan terrorchilik xurujlari ortidan ham politsiya o'zbeklar yashaydigan mahallada reyd o'tkazgan, bir guruh o'zbeklarni hibsga olgan edi. Bunga terror xurujini amalga oshirganlar orasida o'zbeklar borligi sabab qilib ko'rsatilgan edi.

Politsiyaning navbatdagi tekshiruviga nima turtki bergani noma'lum, ammo turli taxminlar bildirilmoqda.

Politsiya reydi Toyib Erdog'anning Rossiya safari ortidan kuzatilayotganiga, Rossiya va Turkiya aloqalari tiklanishida Toshkentdagi uchrashuvlar ahamiyat kasb etganiga diqqat qaratilmoqda. Toyib Erdog'anning Rossiya prezidentiga yozgan kechirim xati Toshkentdagi ShHT sammiti doirasidagi uchrashuvlar paytida Putinga topshirilgani matbuotda ochiqlangan edi.

"Rossiya bilan aloqalar tiklanishi paytida Turkiyada tazyiqlardan qochib yurgan musulmonlar masalasi muhokama qilingan deb o'ylayman. Turkiyada Rossiyadagi ta'qiblardan qochgan minglab o'zbek, chechen va boshqa musulmonlar yashaydi. Albatta, bu Turkiya ularning hammasini deport qiladi degani emas, lekin Turkiya Rossiya bilan, Markaziy Osiyo bilan qanchalik aloqalarini rivojlantirib borar ekan, ular o'zlari nazdida ekstremist bo'lgan musulmonlarni deport qilishni Turkiyadan ko'proq talab qila boshlaydi. Albatta, hozirgi vaziyatda Turkiya hukumati o'zbek hukumatiga qochqinlarni topshirish darajasiga bormasa kerak, lekin bu reydlarning o'tkazilishida o'zbek hukumatining ham qo'li borligi ehtimol“, - deydi Abutov.

O'zbekiston va Turkiya aloqalari bir necha yillardirki ancha sovuq, bu diplomatik sovuqlik o'zaro munosabatlarga ham ta'sir o'tkazgan. O'zbekistondagi diniy ta'qiblardan qochgan ko'plab fuqarolar Turkiyadan boshpana topgan. Ayniqsa, so'nggi paytda Turkiyada bo'lib qaytgan o'zbekistonliklarning vatanida alohida tekshiruvdan o'tkazilayotgani kuzatilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG