Nigeriyada rahbariyatning o’zgarishi “Boko Haram”ga qarshi olib borilayotgan kurashda AQSh yordamini yanada jonlantirishi mumkin. Tahlilchilar fikricha, yangi Prezident Muhammadu Buxoriy AQSh bilan aloqalarni kuchaytirishi kutilyapti. Sobiq davlat rahbari Gudlak Jonatan davrida munosabatlar ancha sustlashgan edi.
Internetda “Boko Haram” tarqatgan yangi video “G’arbiy Afrikadagi Islomiy davlat” belgisi bilan e’lon qilindi.
Unda jangarilarning da’vo qilishicha, davlatlarning “Boko Haram”ni mag’lub etayotgani haqidagi gaplar yolg’on.
Nigeriyaning yangi prezidenti etib qasamyod keltirgan Muhammadu Buxoriy “Boko Haram”ga qarshi kurashni o’zining asosiy vazifalaridan biri deb e’lon qildi. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashuvda ham shu masala ko’tarilgan.
Afrika markazi direktori Piter Famning aytishicha, AQSh avvalgi hukumat bilan bo’lgan kelishmovchilikni unutishi kerak.
“AQSh tez orada razvedka va yuk tashish kabi masalalarda yordam berish uchun o’z maslahatchilarini yuboradi, deb umid qilaman”, - deydi u.
Tahlilchiga ko’ra, Nigeriya qashshoq mamlakat emas.
“Nigeriya ehsonga ko’z tikayotgani yo’q. Muammolarni bartaraf etishda kerak bo’ladigan zarur qurollarni sotib olishni so’rayapti”, - deydi u.
Tahlilchi Muhammad Rahimning aytishicha, Amerika va boshqa davlatlar “Boko Haram”dan aziyat chekkan odamlarga ham to’g’ridan to’g’ri yordam ko’rsatishi kerak.
“Texnik yordam bu jamiyatlarga katta ko’mak berishi mumkin”, - deydi u.
Davlat departamentiga ko’ra, AQSh “Boko Haram”ga qarshi kurashda Nigeriyaga yordamni oshirib, xususan, askarlarni harbiy tayyorgarlikdan o’tkazishga ham ko’mak beradi.