Breaking News

Nigeriya armiyasi "Boko Haram" terror guruhiga havodan zarba bermoqda


Nigeriya armiyasi mamlakat shimoli-sharqida “Boko Haram” guruhi manzillariga uyushtirilgan havo hujumlarida katta sonda jangarilar o’ldirilganini da’vo qilmoqda.

Harbiylar e’lon qilgan bayonotga ko’ra, Nigeriya havo kuchlari Sambisa o’rmoni va Svoza shahrida jangarilarning harbiy lagerlari va o’q-dori omborlarini nishonga olgan.

Hujumlar ortidan ko’plab jangarilarning qochayotgani kuzatilgan. Bu da’volarning to’g’riligini tasdiqlovchi boshqa ma’lumot yo’q.

2014-yilning aprel oyida “Boko Haram” Sambisada maktab o’quvchisi bo’lgan 200 ta qizni o’g’irlab ketgan edi. Nigeriyaning beshta shtatini qamrab oluvchi ulkan o’rmon bir necha yillardan beri jangarilarga boshpana vazifasini o’taydi.

Oradan 10 oy o’tgan bo’lsa-da, qizlar hanuz topilgani yo’q.

Nigeriya hukumati dushanbadan beri guruhga qarashli 11 shahar ozod qilinganini hamda 300 dan ortiq jangari o’ldirilganini ma’lum qilmoqda.

Hafta boshida “Boko Haram” rahbari Abu Bakr Shekau Nigeriyadagi saylovlarni izdan chiqarishi haqida ogohlantirdi. Xavfsizlik vajidan saylov allaqachon bir marta ortga surilgan. Guruh Nigeriya fuqarolarini 28-martga belgilangan prezidentlik saylovida ovoz bermaslikka chaqirmoqda.

Yakshanba va dushanba kunlari jangarilar Borno shtatidagi bir shaharning katta qismiga o’t qo’ygan. Seshanba kuni yuz bergan bir necha portlashda yana o’nlab odam halok bo’lgan.

Ismi “G’arbiy ta’lim harom” degan ma’noni anglatuvchi jangari guruh o’tgan besh yil davomida maktablarga, bozor, cherkov va masjidlarga hujumlar uyushtirib, minglab nigeriyaliklarni o’ldirgan.

2014-yilda guruh Nigeriya shimoli-sharqidagi ko’plab shaharlarni o’z nazorati ostiga oldi. Guruhga qarshi kurashni kuchaytirish uchun qo’shni Niger, Chad va Kameron davlatlari qo’shma armiya tuzgan. Ammo jangarilarni yo’q qilishga qaratilgan amaliyotlar jiddiy natija bergani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG