Xitoyda hukumatning uyg’ur aholiga muomalasini tanqid qilib tanilgan professor Ilhom To’xti ustidan sud ishi boshlandi. Iqtisodchi olim unga qarshi qo’yilgan separatizm ayblovini rad etmoqda.
Advokat Li Fanpinning sudning birinchi kunidan so’ng jurnalistlarga aytishicha, To’xtiga qarshi dalillar assossiz. Sud Urumchi shahrida o’tayapti. Separatizm aybi tasdiqlansa, professor umrbod qamoq jazosi olishi mumkin.
Sud binosi politsiyachilar bilan o’ralgan va jarayonda jurnalistlar yoki G’arb diplomatlari ishtirok etishiga ijozat berilmagan.
Yevropa Ittifoqining Pekindagi vakili Rafael Drozevski tinglovga kira olmagan diplomatlardan. Ilhom To’xti Xitoy qonunlariga amal qilib yashagan, ozchilik elatlarni o’zaro murosaga da’vat qilib, inson huquqlariga hurmatni targ’ib qilgan, deydi u.
Olim shu yilning yanvarida ushlangan. U o’z ma’ruzalarida terrorizmni qo’llab-quvvatlab, matbuotdagi chiqishlarida separatizmni himoya qilganlikda ayblanayapti.
Ayni paytda, Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida o’tgan bir yilda ekstremizmga qarshi kurash kampaniyasi davomida yuzlab odamlar halok bo’ldi.
Rasmiy Pekin ixtilofda Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati bilan aloqador jangarilarni ayblaydi. Guruh Shinjonda istiqlol uchun kurashib keladi.
Surgundagi uyg’urlarning ta’kidlashicha, Pekin uyg’urlar solayotgan xavfni atayin bo’rttirib ko’rsatayapti. Ular nazarida aslida Xitoy hukumatining o’zi musulmon aholini ezib, xitoylarni ustun qo’yib ahvolni keskinlashtirayapti.
Ilhom To’xti Xitoyning uyg’urlarga munosabatini bir necha o’n yillardan buyon qalamga olib keladi. O’z qarashlari sababli professor bir necha bor qamalgan, tahqirlangan.