Rossiyalik sobiq deputat Denis Voronenkov Ukraina poytaxti Kiyevda otib o'ldirilgan. Ukraina politsiyasiga ko'ra, bu Rossiya tomonidan buyurilgan qotillik bo'lishi mumkin.
Voronenkov hayoti xavf ostida ekanini aytib, o'tgan yili Ukrainaga qochgan edi. U so'nggi oylarda Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovichga qarshi jinoiy ishda ko'rsatma berdi. Rossiyada poraxo'rlikda gumon qilingan Voronenkov, shuningdek, Qrim bosib olinganini tanqid qilganlardan.
Politsiya ma'lumotlariga ko'ra, sobiq deputat Kiyev markazida o'qqa tutilgan. Uning tansoqchisi hujumchini otib o'ldirgan.
Ukraina Bosh Prokurori Yuriy Lutsenko fikricha, Voronenkov Yanukovichga qarshi ko'rsatma bergani uchun nishonga olingan bo'lishi mumkin. Prokuror ham, Prezident Petro Poroshenko ham qotillik Kremlning ishi ekanini ta'kidlamoqda.
Denis Voronenkov Ukrainaga qochgan yana bir rossiyalik muxolifatchi va sobiq qonunchi Ilya Ponomaryov bilan uchrashishga ketayotgan bo'lgan.
Moskva bu ishga aloqador ekanini qat'iyan rad etdi.