Ukraina prezidenti Petro Poroshenko isyonchilar bilan erishilgan sulh samara berayotgani haqida bayonot berdi. Sentabr oyidan beri ilk bor otishma to'xtagan.
"O'tgan bir kun ichida bitta askarlar orasida ham, aholi orasida ham taloflatlar bo'lmadi. Sulhga qat'iyan amal qilinsa, tinchlik tomon muhim qadam qo'ygan bo'lamiz", - deydi Poroshenko.
Ukraina rahbari ayni damda Avstraliyaga safar qilmoqda. U Ukrainadan askarlaringizni olib chiqing, deya Rossiyaga yana bir bor murojaat qildi.
"Rossiya tarixiy xatoga yo'l qo'yayapti. Sun'iy ravishda yaratilgan bu mojarodan biz ham, ruslar ham, butun dunyo aziyat chekmoqda. Moskva Ukraina bilan chegarani yopsa, tez fursatda tinchlik qaror topishiga ishonchim komil", - deya ta'kidladi Poroshenko.
Ukraina sharqiy hududlarda o'z davlatini barpo etgan ayirmachilar bilan qayta muzokara qilish niyati yo'qligini bildirmoqda. Muzokarani Belarusda o'tkazish taklif etilgan edi.
10-dekabr kuni Kiyev va isyonchilar janglarni butunlay to’xtatishga kelishib olgan edi. “Sukut saqlash kuni” deb nomlangan kelishuv shartlari oradan 24 soat o’tmasdan buzilgan. Bo’lginchilar granatamyot va raketalar bilan 12 marotaba hujum qildi, deydi Ukraina rasmiylari.
Ukraina va G’arb davlatlari Rossiyani bo’lginchilarga qurol-aslaha yetkazib turganlikda ayblaydi. Kreml bu da’volarni qat’iyan inkor etadi.