Prezident Obama Brisbendagi Katta Yigirmalik sammitida Ukrainadagi vaziyat va Rossiya bilan aloqalarga ham to'xtaldi. Uning aytishicha, agar Prezident Vladimir Putin Ukrainadagi mojaroni tugatishga qaratilgan xalqaro bitimlar va qonunchilikni buzishda davom etsa, xalqaro hamjamiyat Rossiyani yanada yakkalab qo'yadi.
Obamaga ko'ra, Rossiya unga qo'yilgan iqtisodiy sanksiyalardan ancha zarar ko'rdi.
"Zarur bo'lsa, bosimni kuchaytiramiz", - dedi AQSh rahbari.
Kanada Bosh vaziri Stiven Xarper Putin bilan uchrashuvi chog'ida Ukrainadan rus qo'shinlarini olib chiqishni so'radi. Putin qo'shni davlatda olib chiqiladigan askarlarimiz yo'q, deya javob bergan.
Ukraina sharqidagi yirik hududlarni isyonchilarga boy bergan Prezident Petro Poroshenko mintaqada davlat idoralarini yopishni, Donetsk va Lugansk viloyatlarini byudjetdan moliyalashni to'xtatishni buyurdi.
Poroshenkoga ko'ra, sharqdagi ixtilofga isyonchilar bilan muloqot orqaligina barham berish mumkin.
"Ammo qarshi tomon sulhni buzsa, jang qilishga tayyormiz", - dedi u.
Isyonchilar va Putin Poroshenkoning bu qarorini tanqid qildi.
Bu o'rtada iyul oyida Ukraina sharqida urib tushirilgan Boing yo'lovchi samolyotining qoldiqlari to'planib, hududdan olib chiqib ketilmoqda. Rossiya davlat televideniyesi ayrim tasvirlarni namoyish etib, ularni fojiaga Ukraina qiruvchi samolyoti aloqadorligini isbotlovchi dalillar deb ta'riflagan. Rasmiy Kiyev suratlar soxta, deydi. G'arb Rossiyadan yordam olayotgan isyonchilarni voqeada ayblab keladi.