Ukraina hukumatining bildirishicha, sharqdagi separatistlar nazoratidagi hududlarga Rossiya qurollari oqib kirishda davom etmoqda.
Armiya so'zlovchisi Andrey Lisenkoga ko'ra, chegarada ham Rossiya harbiy texnikasi va aviatsiya tizimlari soni oshayotganini ko'rish mumkin.
"Biz ayirmachilar bilan imzolangan sulhga amal qilayapmz. Ammo hujumlarga javob qaytarishga haqlimiz", deydi u.
AQSh rahbari Rossiyani sulh shartlariga amal qilishga chaqiryapti. Barak Obama va Vladimir Putin Pekinda Osiyo davlatlari sammiti chog'ida bu mavzu yuzasidan gaplashib olgan.
Oq uy mulozimi Ben Roudz deydiki, kelasi hafta Katta Yigirmalik guruhiga a'zo davlatlarning Avstraliyada o'tadigan yig'inida ham Ukraina mojarosi kun tartibidan joy oladi.
NATO hamda yevropalik kuzatuvchilar Rossiya so'nggi kunlarda Ukrainaga tank va askarlarini yuborganini tasdiqlamoqda. Moskva bu iddaolarni inkor etib, Ukrainadagi bo'lginchilar orasida rossiyalik askarlar bo'lsa ham, ular ko'ngillilar, deya vaziyatni izohlaydi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig'ilishida Ukraina elchisi "biz bosiqlik bilan harakat qilayapmiz, aks holda urush alanga olishi mumkin", deya bayonot berdi. "Rossiya Ukraina sharqini bosib olmoqchimi?", deya so'raydi Yuriy Sergeyev.
AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauerning ta'kidlashicha, Rossiya va u quvvatlayotgan bo'lginchilar sentabrda imzolangan sulh kelishuviga amal qilmayapti. Rossiya harbiylari Ukrainani tark etishi ham hujjatdagi shartlardan biri edi.
Rossiya elchisi muovini Aleksandr Pankin tanqidlarga javoban Kiyevning o'zini chegarada qo'shinlarini oshirayotganlikda aybladi. Rossiya Ukrainaga qurol yuborgani haqidagi gaplar propaganda, deydi u.