Breaking News

Kongress Ukrainaga harbiy yordam berish masalasini ko'rib chiqishi mumkin


Kongress Ukraina yuzasidan bosimni oshirishi mumkin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

Barak Obama ma'muriyati nazarida, sharqiy Ukrainadagi bo'lginchilarni qo'llab-quvvatlayotganlarga qarshi joriy etilgan sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga o'z ta'sirini o'tkazmoqda. Ammo Kongressda nazoratni to'liq qo'lga kiritgan respublikachilar Kiyevga to'g'ridan to'g'ri harbiy yordam ko'rsatishni talab qilmoqda. Tahlilchilarga ko'ra, hokimiyatdagi yangi kuchlar AQShning Ukrainaga nisbatan siyosatida o'zgarish yasashi mumkin.

Rossiyaparast isyonchilarga qarshi kurashayotgan Ukraina kuchlari Yevropa va AQShdan ko'proq yordam so'ramoqda. So'nggi saylovlar ortidan Prezident Obama mavqeining zaiflashgani shunga yo'l ochgan bo'lishi mumkin, deydi Atlantika kengashi tahlilchisi Robert Menning.

"Sharqiy Ukrainada Putin o'z mavqeini mustahkamlashga harakat qilayotganini bilamiz. Uning Donetskni ajratib olish niyati ham kuchayishi mumkin", - deydi u.

Pekinda o'tgan Osiyo-Tinch okeani yetakchilari sammitida Prezident Vladimir Putinni tanqid qiluvchilar kam bo'ldi. Bunga Rossiya hujumlarida "taktik tanaffus" e'lon qilingani sabab, deydi Putinning sobiq maslahatchisi Andrey Illarionov.

"AQShdagi Kongress saylovlari hamda Putinning Osiyoga tashrif buyurishi ham bunga qisman aloqador. Putin xalqaro yetakchilar bilan uchrashayotgan paytda ixtiloflarni kuchaytirish noxush muhit yaratadi, deb hisoblashdi. Lekin bu tashrifdan song hujumlar yana oshishiga guvoh bo'lamiz", - deydi sobiq rus mulozimi.

Senatda Qurolli kuchlar qo'mitasini boshqarishi kutilayotgan respublikachi senator Jon Makkeyn Obamani Moskvaga qarshi qattiqroq chora ko'rishga undab keladi.

Bu esa muzokaralarda prezidentga qo'l kelishi mumkin, deydi Amerika universiteti professori Keys Darden.

"Boshqa tomondan, bu ruslar bilan olib boriladigan muzokaralarda Prezident Obamaning ta'sir kuchini oshiradi. Chunki Kongress bir o'zi qaror qabul qilishi mumkin, degan xavf har doim mavjud", - deydi Darden.

Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo'yicha AQSh Davlat kotibi yordamchisi o'rinbosari Erik Rubinga ko'ra, Ukraina muammosiga qanday javob berish bo'yicha har ikki partiyada yakdil fikrdagilar ko'p.

"Ukraina armiya va milliy xavfsizlik infratuzilmasini qayta qurish uchun yordamga muhtojmi? Ha, muhtoj. Biz yordam berish niyatidamizmi? Albatta, bu haqda ochiq aytganmiz. Jiddiy miqdorda yordam ham ko'rsatildi. Bu ko'mak yana davom etadi. Ammo yordam nimalardan iborat bo'ladi? Asosiy bahs mavzusi shu", - deydi AQSh rasmiysi.

Sharqiy Ukrainadagi viloyatlarda Rossiya ta'siri yanada kuchaysa, respublikachilar Obamadan keskinroq chora ko'rishni, jumladan, Kiyevga harbiy qurol yetkazishni talab qilishi mumkin.

"Agar ishga Kongress aralashsa, nafaqat Ukrainaga harbiy yordam berilishi, balki Rossiyaga qarshi kattaroq jazo choralari e'lon qilinishi mumkin", - deydi professor Darden.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo'yicha rasmiysi Federika Mogerinining aytishicha, kelasi hafta Bryusselda bo'ladigan yig'inda jazo choralarini kuchaytirish masalasi ham kun tartibiga qo'yiladi.

"U yerda faqat sanksiyalarni oshirish haqida gaplashilmaydi. Eng muhim masala o'z hududidagi xavfsizlik yuzasidan qiyin vaziyatda tushib qolgan Ukrainani qanday qo'llab-quvvatlash", - deydi Mogerini.

Rossiya va Ukraina chegarasida harbiy harakatlarning jonlanayotgani ikki davlat o'rtasida qurolli to'qnashuvning yuz berishiga olib kelishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG