Ukraina, Rossiya, Germaniya va Fransiya rahbarlari Minskda bir necha soat davom etgan muzokaralar natijasida Ukrainada sulh bitimiga erishgan.
15-fevral, shu yakshanbadan kuchga kiruvchi kelishuv apreldan beri tinmayotgan olishuvlarga yakun yasashi kutilmoqda.
Taraflar Belarus poytaxtida chorshanba-payshanba tuni bilan 16 soat muzokara olib borgan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, tomonlar muhim masalalar, jumladan, og'ir qurollarni mojaro zonasidan olib chiqish yuzasidan murosaga erishgan.
Rossiyaga moyil ayirmachilar sulh shartlarini qabul qilgani aytilmoqda.
Biroq shu bilan birga, ayrim muammolar hanuz hal qilinmagan va murosaga kelingani yo'q. Germaniya kansleri Angela Merkel hali qilinadigan ishlar juda, juda ko'p, deydi.
Sulh haqida e'lon qilingan kun ham, deydi Ukraina harbiylari, Rossiya chegarasidan tunda tanklar va boshqa qurollar Ukrainaga olib o'tishda davom etilgan.
Taxminan 50 tank, 40 raketa otuvchi sistema, zirxli mashinalar Rossiya-Ukraina chegarasidan o'tgan, deydi Kiyevdan harbiy so'zlovchi Andriy Lisenko.
Moskva qo'shni mamlakatga qurol-aslaha jo'natayotganini qat'iyan inkor etadi. Ukraina sharqidagi nizo, eslatib o'tamiz, apreldan beri kamida 5400 odamning hayotiga zomin bo'lgan.
Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko muloqot paytidagi muhitni o'ta tarang deya ta'riflamoqda. U rusiyzabon mintaqaga avtonomiya berish bo'yicha murosaga kelingani haqidagi xabarni rad etayapti.
Faqat otishmani to'xtatishga qaror qildik, shu, deya ta'kidlaydi Poroshenko.
AQSh Prezidenti Barak Obama sammit xulosalariga qarab Ukrainaga harbiy yordam berish yoki bermaslik borasida bir to'xtamga kelishini aytadi.
Xalqaro valyuta jamg'armasi Ukraina iqtisodiyotini barqarorlashtirish uchun 17 yarim milliard dollar yordam berishga rozi.
Madad to'rt yilga mo'ljallangan. Boshqa xalqaro donorlar ajratgan yordamni qo'shib hisoblaganda Ukraina 40 milliard dollar moliya olishi kutilmoqda.
Bu davlatning muhtoj hukumati ayrimachilar bilan qurolli to'qnashuvlar boshlanmasidan avval ham qiyin moliyaviy ahvolda edi.
Bosh vaziri Arseniy Yatsenyukning aytishicha, Ukraina zarur islohotlarni amalga oshiradi, xususan, xarajatlar qisqaradi. Shunda kelasi yildayoq iqtisodiyotda o'sish kuzatiladi, deydi Yatsenyuk.