Breaking News

Qrim parlamenti Rossiyaga qo'shilishga ovoz berdi


Qrimda Rossiyaga qo'shilish istagidagi odamlar namoyish qilmoqda, Simferopol, 6-mart, 2014-yil
Qrimda Rossiyaga qo'shilish istagidagi odamlar namoyish qilmoqda, Simferopol, 6-mart, 2014-yil
Ukrainada yangi hukumatni tan olishdan bosh tortayotgan Qrim parlamenti Rossiyaga qo’shilish haqida qaror qabul qildi. 16-mart kuni bu borada yarimorolda referendum ham o’tkaziladi.

Rossiya Dumasidagi fraksiyalar hozircha Ukraina yaxlitligini himoya qilmoqda, biroq referendumdan so’ng vaziyat o’zgarishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

Bugun Bryusselda Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar rahbarlari favqulodda majlis uchun to’planib, Rossiyani harbiylarini Qrimdan chiqarishga majbur qilish yo’llari xususida fikr almashdi.

Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk ham unda qatnashdi. Uning aytishicha, Qrim maqomi bo’yicha rejalangan referendum Ukraina konstitutsiyasiga zid. Muvaqqat hukumat bu borada jinoiy ish qo'zg'atgan. AQSh va Yevropa Ittifoqi ham referendumni tan olgisi yo’q.

O’tgan kuni Yevropa Ittifoqi kelasi ikki yilda Ukrainaga iqtisodiy yordam sifatida 15 milliard dollar berishni va’da qildi.

Bugun AQSh qonunchilari ham Ukraina masalasini muhokama qilib, Rossiyaga iqtisodiy sanksiyalar qo’yish xususida fikr almashmoqda. O’z navbatida kecha Rossiya parlamentida AQShga iqtisodiy sanksiya qo’llash haqida qonun loyihasi kiritildi.

Oq uy Rossiya va Qrimdagi ayrim rasmiylarga nisbatan viza cheklovlarini joriy etdi. AQSh ularni Ukraina suverenitetini tahdid ostiga qo’yayotganlikda aybladi. Prezident Barak Obama, shuningdek, Ukrainada demokratik jarayonlar va institutlar faoliyatiga zarar qilayotgan guruhlar va shaxslarga nisbatan ham sanksiya kiritish to’g’risida farmon chiqardi. Ma’lumki, Qo’shma Shtatlar Rossiyani Qrimga qo’shin kiritganlikda va xavfli vaziyatni yuzaga keltirib chiqarganlikda ayblaydi. Kreml esa askarlar yarimoroldagi ruslarni va Qora dengiz flotiga tegishli mulkni qo’riqlayotganini aytadi.

Kecha Yevropa Ittifoqi ham ukrainalik 18 rasmiyning Yevropadagi hisob raqamlari va mulklarini muzlatishga qaror qildi. Ular orasida hokimiyatdan ag’darilgan prezidenti Viktor Yanukovich va uning o’g’li ham bor.

BMTning Qrim bo’yicha maxsus vakili Robert Serri chorshanba kuni yarimorolga kira olmadi. Qurollangan odamlar uni yo’lda to’xtatib, ortga qaytishga majbur qildi. Qo’shma Shtatlar hech bir belgisiz harbiy forma kiygan guruhni Rossiya qo’shinlari desa, Kreml ular mahalliy mudofaa drujinalari, demoqda.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri kecha Parijda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Bugun ikkisi Rimda ham ko’rishib, Ukrainadagi vaziyatni diplomatik yo’l bilan hal qilish ustida gaplashadi.

Kerri Rossiyani bu borada Ukraina hukumati bilan muzokara qilishga chaqirmoqda. Biroq Moskva Kiyevdagi yangi hukumatni tan olgani yo’q.

Prezident Vladimir Putinning aytishicha, Viktor Yanukovich Ukrainani tark etgani bilan hali ham bu mamlakatning qonuniy prezidentidir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG