Ukrainada mahalliy kengashlar uchun o'tgan saylovlar hokimiyatdagi partiyaga nisbatan ishonch pasayganini ko'rsatmoqda. Prezident Petro Poroshenko esa, aksincha, jarayonda rossiyaparast kuchlar mag'lub bo'lganini aytgan. Shu bilan birga ijtimoiy so'rovlar xalqning saylovlardan charchaganidan darak bermoqda.
Ukraina shahar va qishloqlarida rahbarlar va mahalliy kengashlarga deputatlar saylanmoqda.
Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, yakshanba kuni, 25-oktabrda, 40 dan oshiq qishloq kengashlari saylangan, yirik shaharlarning aksariyatida esa saylovlarning ikkinchi bosqichi kutilmoqda.
Mahalliy saylovlar prezident Poroshenko yetakchiligidagi “PPB” (Petro Poroshenko bloki) partiyasi nufuzi ancha tushganini ko'rsatdi.
Saylovlar taqdim etgan boshqa bir muhim jihat “Muxolifat bloki”ga uyushgan, sobiq prezident Yanukovich tarafdorlari sanalgan siyosatchilarning yana siyosiy maydonga qaytayotganida ko'rinadi.
Prezident Petro Poroshenko nazarida bunday emas. Aksincha, deydi u, mahalliy saylovlar Rossiyaning Ukrainada beshinchi kolonna yaratish maqsadini yo'qqa chiqargan. Aholi nodemokratik kuchlarning revansh olishiga yo'l qo'ymadi, deydi hukumat rasmiylari.
“Biz agressorga yana bir bor Ukrainadagi vaziyatni izdan chiqarish uchun imkoniyat bermasligimiz kerak. Saylov natijasida joylarda, mahalliy kengashlarda ukrainparast koalitsiyalar tuzilishi lozim”, - deb ta'kidladi Poroshenko.
PPB mamlakat bo'ylab ustunlikni saqlab qolgan, ammo, asosan, poytaxt va markaziy viloyatlarda kuzatilgan bu ustunlik o'ta zaif.
Kiyev merligi uchun partiya tomonidan surilgan nomzod Vitaliy Klichko 40 foizga yaqin ovoz bilan oldinda. G'oliblik 15 noyabrga belgilangan ikkinchi bosqichda hal qilinish ehtimoli kuchli. Hozirga kelib saylov byulletenlarining 50 foizdan oshig'i hisoblab chiqilgan.
Prezident yetakchiligidagi partiya uzog'i bilan 30 foizga yaqin ovoz olishi taxmin qilinmoqda. Bu Poroshenko yetakchiligidagi siyosiy kuchlar kelajagini shubha ostiga qo'yadi.
Bundan tashqari, mamlakatning yirik shaharlari Xarkov, Odessa, Dnepropetrovskda kechgan saylovlar shahar hokimligiga Poroshenko blokiga muxolifatda bo'lgan kuchlar kelishini ko'rsatmoqda.
Xarkovdagi saylovda “Maydon” inqilobchilarini jazolashda gumonlanayotgan, sobiq prezident Yanukovich yaqinlaridan hisoblangan Gennadiy Kernes 50 foizdan oshiq ovoz bilan brinchi turda g'oliblikni qo'lga kiritgan.
Odessa merligi uchun o'tgan saylovlar ham sobiq prezident tarafdorlari, hozirda “Muxolif Blok”ka aylangan partiya nomzodi Aleksandr Vilkulning oldinda borayotganini ko`rsatmoqda.
Mahalliy saylovlar Ukrainadagi sobiq siyosiy liderlar yana sahnaga qaytayotganini ham aks ettirmoqda. O'tgan parlament saylovlarida mag'lubiyatga uchragan “Svoboda” partiyasida, bunday mag'lubiyatdan qutilib qolgan sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko siyosiy blokida ham imkoniyatlar yaxshilangan.
Mahalliy saylovlar kuzatuvchilar tomonidan demokratik tarzda o'tgani ta'kidlandi. Mamlakat sharqidagi Mariupol, Krasnoarmeysk shaharlarida byulletenlar bilan bog'liq muammolar tufayli saylovlar o'tkazilmadi.
Bu shaharlardagi saylovlar 15-noyabrda, ikkinchi bosqich barobarida o'tishi ehtimolga yaqin. Saylovlarning demokratik o'tganini urg'ulagan Yevropa Ittifoqi va AQSh Ukraina hukumatini tez orada bu shaharlarda saylovlar o'tishi uchun imkoniyat yaratishga chaqirmoqda.
Saylashga layoqatli aholining saylovdagi ishiroki mamlakat bo'ylab 50 foizga yaqin baholandi. Ovoz berganlar, asosan, katta yoshdagi fuqarolarni tashkil etdi. Yoshlarning aksariyati saylovni boykot qilgan.
Oddiy aholida mamlakatdagi o'zgarishlarning sekinlik bilan borayotganidan norozilik kuchli.
“Odamlar o'zgarishlar bo'lishi uchun Maydonga chiqishgan edi, ammo nima o'zgardi? Hech narsa! Shaxsan men buni ko'rmayapman. Parlamentga qarang, masxarabozlik, avval qanday odamlar o'tirgan bo'lsa, hozir ham shular", - deydi ukrainlardan biri.