Breaking News

Ukrainadagi rossiyaparast kuchlar saylovni kechiktirishga rozi


Germaniya, Rossiya, Ukraina va Fransiya rahbarlari Ukraina sharqidagi vaziyatni muhokama qilmoqda. Parij, 2-oktabr 2015-yil
Germaniya, Rossiya, Ukraina va Fransiya rahbarlari Ukraina sharqidagi vaziyatni muhokama qilmoqda. Parij, 2-oktabr 2015-yil

Ukraina sharqidagi rossiyaparast kuchlar 18-oktabr va 1-noyabrga belgilangan saylovlarni 2016-yilning fevraliga qoldirishga rozi bo’ldi. Ukrainada mahalliy saylovlar 25-oktabrda bo’lib o’tadi.

O’zlarini Donetsk va Lugansk xalq respublikalari deb e’lon qilgan hududlar Ukrainadan alohida saylov o’tkazmoqchi, ammo bu shu yil fevral oyida imzolangan Minsk kelishuviga zid.

Bu hujjatda saylovlar Ukraina qonunlari doirasida o'tishi belgilangan edi. Prezident Petro Poroshenkoning aytishicha, bo'lginchilar hukmron mintaqalarda bu shart bajarilmas ekan, sulh izdan chiqadi.

Donetsk va Luganskda saylovlarni kelasi yilga qoldirish qarori Minskda, Rossiya hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakillari bilan uchrashuvdan so'ng qabul qilindi.

O'tgan hafta Parijda Fransiya, Germaniya, Rossiya va Ukraina prezidentlari yuzma-yuz ko'rishib, bu masalani muhokama qilgan edi.

Saylovni kechiktirish qarorini Kreml darrov olqishladi. Prezident so’zlovchisi Dmitriy Peskovga ko'ra, bu “Minsk shartnomasini bajarish yo’lidagi konstruktiv yondashuvga yana bir misol”.

Poroshenko ham qarorni olqishlab, endi separatistlar nazoratidagi hududda saylov Ukraina qonunlari doirasida o’tkazilishini aytdi. Biroq rossiyaparast kuchlar bunga rozi bo’lganicha yo’q.

Ularning talabi shuki, Donbass nomi ostida tanilgan Donetsk va Luganskka alohida maqom berilishi, isyonchilar amnistiya qilinishi, konstitutsiyani o'zgartirish muhokamalarida ular ham qatnashishi lozim.

Bir yil oldin bu hududda o’tkazilgan saylovlarni xalqaro hamjamiyat noqonuniy deb qoralagan edi.

Ayrim tahlilchilar fikricha, hozir Rossiyaning butun e'tibori Suriyada ekan, Ukraina mojarosiga siyosiy yechim topilishiga qarshilik bildirmaydi. Boshqalar nazarida esa Kiyevni o'z ta’sir doirasida saqlab qolish uchun Kreml Ukrainada istagan payt g'avg'o chiqarishi mumkin.

Dalillarga qaramasdan, Rossiya Ukraina sharqiga qo’shin va qurol-aslaha yuborganini inkor etib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG