Ukrainada separatist kuchlar sulhga to'liq amal qilmas ekan, Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalar bekor qilinmaydi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi muovini Viktoriya Nuland bayon qildi.
"Minsk kelishuviga to'la rioya qilishni, Ukraina suverenitetini hurmat qilishni talab qilayapmiz. Sulh buzilsa, AQSh va Yevropa tomonidan sanksiyalar kuchayaveradi. Qrim bo'yicha joriy etilgan chazo choralari ham kuchda qoladi, yarimorolni Rossiya egasiga qaytarishi kerak", - deydi Nuland.
AQSh diplomati bu haqda Kiyevda rasmiylar bilan uchrashuvdan so'ng so'zladi. G'arb nazarida Ukraina sharqidagi bo'lginchilarga aynan Rossiya ko'maklashyapti.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti rahbari Lamberto Zannier Ukrainaning janubi-sharqiy hududlarini uch kun davomida ko'zdan kechirdi.
Uning aytishicha, tomonlar sulhga amal qilayotgani ijobiy yangilik. Bu degani, mojaro zonalarida ko'proq kuzatuvchilar faoliyat yurita oladi. Tanklar va artilleriyani frontdan olib chiqish mumkin bo'ladi.