Breaking News

Ukraina Yevropaga yaqinlasharkan, Rossiya xavotirda


Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich Yevropa Kengashida so'zlamoqda, Bryussel, Belgiya, 25-fevral, 2013-yil.
Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich Yevropa Kengashida so'zlamoqda, Bryussel, Belgiya, 25-fevral, 2013-yil.
1991-yil Sovet Ittifoqi tarkibidan chiqib mustaqil bo’lganidan beri Ukraina o’z yo’lini topishga qiynaladi. Azaliy og’asi Rossiya bilan do’stlikni davom ettirsinmi yoki G’arb guruhiga qo’shilsinmi? Sovet davridan keyingi ta’limni olgan yoshlar ulg’ayib borar ekan, G’arbga yaqinlashish kayfiyati ham kuchaymoqda. Shu yilning noyabr oyida Yevropa Ittifoqi va Ukraina o’rtasida erkin savdo bitimi imzolanishi kutilmoqda. Rossiya ta’sirini yanada toraytiradigan bu harakatga Kreml qarshi.
Rossiya-Ukraina munosabatlari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:08 0:00
Yuklab oling

Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo bitimini tuzishdan oldin Ukraina, avvalo, o’z qonunlarini shunga moslashi kerak.

G’arbparast sobiq prezident Viktor Yushchenko buni Ukrainaning so’nggi imkoniyati sifatida ko’radi.

“Bir, ikki yoki 10 yilda ham bunday imkoniyatga ega bo’lolmaymiz. Saylov va huquq-tartibot tizimidan boshlab bizda kamchiliklar juda ko’p. Qonun ustuvorligini ta’minlashdagi ikki yuzlamachiliklar, misli ko’rilmagan korrupsiya va boshqa muammolar ham. Biz Yevropaga yaqinlashish orqaligina bu muammolarni hal etishimiz mumkin”, - deydi Yushchenko.

Yevropa Ittifoqi ayni paytda siyosiy asosdagi tayziqlarga ham chek qo’yilishini, sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenkoning ozod etilishini talab qilmoqda. Inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudi uning adolatsiz sudlangani haqida qaror chiqarganiga qaramay, Timoshenko hanuz qamoqda saqlanmoqda.

AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Stiven Payferning aytishicha, Timoshenkoning ozod etilishi muhim ahamiyatga ega.

“Bu ishni bir yoqli qilishmasa, Yevropa Ittifoqi a’zolarining aksariyati Ukraina bilan savdo bitimini tuzishga rozi bo’lishi juda qiyin”, - deydi u.

Bu orada Rossiya Ukrainani Boj ittifoqiga qo’shilishga undamoqda. Buning uchun Ukrainaga hech qanday shart qo’yilmaydi va u Rossiya, Belarus hamda Qozog’iston bilan erkin savdo qilishi, ayni paytda Rossiya gazini arzon narxda sotib olishi mumkin.

Avgust oyida Rossiya Ukrainadan kelayotgan tovarlarga taqiq qo’ydi. Bu ayrim mahsulotlarning Rossiya xavfsizlik va sifat talablariga to’g’ri kelmagani bilan izohlandi.

Vashingtondagi Piterson instituti tadqiqotchisi Anders Aslund buni siyosiy bosim sifatida ko’radi.

“Ukraina tashqi savdosining uchdan bir qismi Rossiya hissasiga to’g’ri keladi. Shuning uchun Rossiya katta ta’sir kuchiga ega. Ukraina iqtisodiyoti oxirgi to’rt chorakda jiddiy muammolar bilan yuzlashgan. Yalpi Ichki mahsulot hajmi har chorakda 1-2 foizga kamaymoqda. Prezident Putin Ukrainani tiz cho’ktirishga jazm qilgan ko’rinadi”, - deydi Aslund.

Natijada ukrainalik siyosatchilar Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish yo’lini tutdi. Ular ittifoq tomonidan qo’yilgan talablarni zudlik bilan bajarishga va’da bermoqda.

Rossiyaning qo’shnisini jazolashga qaratilgan harakatlari, ayni paytda, yevropaliklarni darg’azab qilmoqda.

Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Karl Bildt shunday deydi:

“Oxirgi haftalarda Rossiya biz bilan hamkorlik qilmoqchi bo’lgan do’stlarimizni qattiq jazolash payiga tushgan. Biz uzoq vaqtdan beri hech bunaqasini ko’rmagan edik. Hozir hammaning e’tibori Suriyada, bu narsani payqashmaydi, deb o’ylashayotgandir. Shuning uchun ham bu masalaga alohida e’tibor qaratish lozim”, - deydi Shvetsiya rasmiysi.

Rossiyaning Ukrainaga ta’siri faqat savdo bilan cheklanmagan. Ommaviy axborot vositalari orqali, xususan, siyosiy va diniy jabhalarda ham rus mafkurasi keng targ’ib qilinadi.

Kennan instituti rahbari Matyu Rojanskining aytishicha, Rossiyaning Ukainaga nisbatan bosimi hatto savdo bitimi imzolanganidan keyin ham davom etaveradi.

“Ukraina Yevropa bilan bitim imzolasa ham, hatto iqtisodiyoti barqaror rivojlanish yo’liga o’tsa va ta’lim keng quloch yoyib, odamlar G’arbga ko’proq bog’lansa ham, Ukrainaning davlatchilik qurilishiga buzg’unchi aralashuvlar davom etadi”, - deydi Rojanski.

Shunga qaramay, ukrainaliklar Yevropa bilan yaqinlashuvni afzal ko’radi.

“Albatta, men Yevropa Ittifoqini tanlayman, chunki ularda insonning qadri bor. Rossiya esa faqat qul qilishni biladi. Hech kim senga yaxsi narsani majburlab o’tkazmaydi”, - deydi mahalliy fuqarolardan biri.

Yaqinda o’tkazilgan ommaviy so’rovga ko’ra, ukrainaliklarning 41 foizi Yevropa Ittifoqiga qo’shilish tarafdori. Faqat 31 foiz ishtirokchi Boj Itttifoqini afzal ko’rishini aytgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG