AQSh Davlat kotibi Jon Kerri sharqiy Ukrainada yahudiy aholiga rossiyaparast kuchlarga rasman qo’shilishni talab qiluvchi varaqalar tarqatilganini tashvishlanarli hol deb atadi. Yahudiy tashkilotlari ham bu amaliyotni qoralab chiqdi.
Sharqiy Ukrainadagi yahudiy guruhlarining aytishicha, Donetsk shahridagi yahudiylar yashovchi mahallalarda namoyishchilar tomonidan o’rnatilgan yangi hokimiyatni tan olishni va 50 dollar pul to’lashni talab qiluvchi hujjatlar tarqatilgan. Bosh tortganlarni fuqarolikdan mahrum etish va mamlakatdan badarg’a qilish haqida ogohlantirilgan.Varaqalar sinagoga yaqinida Rossiya bayrog’ini ko’tarib yurgan uch kishi tomonidan tarqatilgani aytilmoqda.
Donetskning rossiyaparast kuchlari bo’lib o’tgan ishga hech qanday aloqasi yo’qligini aytgan.
So’nggi kunlarda sharqiy Ukrainaning bir qator shahar va qishloqlarida qurollangan guruhlar mahalliy hokimiyat binolarini egallab olgan. Ukraina harbiylari nazoratni qayta qo’lga olish ucun amaliyot boshlagani ma’lum.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri yahudiylarga tarqatilgan varaqalarni tanqid qildi.
“2014-yilda, tarixda shuncha yo’lni bosib o’tganimizdan keyin ham shunday ishlar qilinayotgan bo’lsa, bu nafaqat qabul qilib bo’lmas holat, balki haddan oshishdir. Bu ishga aralashgan guruhlar, qaysi partiya, mafkura yoki qaysi hududdan bo’lmasin, bunday qilishga haqqi yo’q”, - dedi AQSh rasmiysi.
Kerri bu haqda Jenevada, Ukraina masalasida Rossiya va Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan bo’lib o’tgan uchrashuvdan so’ng gapirdi. U Ukraina pravoslav cherkovi tarafdorlari tomonidan rus pravoslav cherkovi a’zolariga qarshi aytilgan tahdidlarni ham qoraladi.
Vashingtondagi yahudiy tashkilotlaridan birining rahbari Mark Levin Donetskdagi yahudiylar taqdiridan xavotirda ekanini aytadi.
“Bunday varaqalarni tarqatishdan maqsad ixtilof chiqarish. Kim qilgan buni, nima uchun, bu haqda aniq bilmaymiz. Ammo u ko’zlangan maqsadga xizmat qilgani aniq”, - deydi Levin.
U, shuningdek, sharqiy Ukrainada yahudiylarga qarshi kayfiyat kuchayib borayotganini ta’kidlaydi.
“Ukrainaning yahudiylar jamiyati bu mojarolarga aralashib qolmaslikka harakat qilib keldi. Oxirgi to’rt oyda Ukrainada antisemitizm g’oyalari onda-sonda bo’lsa-da uchrab turdi”, - deydi u.
AQSh Davlat departamenti bo’lib o’tgan hodisa tekshirilayotganini va kim amalga oshirganidan qat’i nazar, unga jiddiy e’tibor berilishini ma’lum qildi.