Breaking News

Malayziya samolyotining halokati taftish qilinmoqda


Malayziyaga qarashli Boing-777 samolyoti qulagan hudud, jasadlar plastik paketlarga joylashtirilmoqda, Donetsk viloyati, Ukraina, 21-iyul, 2014-yil
Malayziyaga qarashli Boing-777 samolyoti qulagan hudud, jasadlar plastik paketlarga joylashtirilmoqda, Donetsk viloyati, Ukraina, 21-iyul, 2014-yil

Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Malayziya havo yo’llariga qarashli samolyotning urib tushirilishi bo’yicha tergovga Niderlandiya bosh bo’lsin, demoqda, chunki fojiada aynan shu mamlakatdan eng ko’p fuqarolar nobud bo’lgan.

Yatsenyuk mamlakat sharqida hukumat kuchlariga qarshi jang qilayotgan isyonchilarni samolyotni urib tushirganlikda ayblaydi.

Samolyot qulagan joyda hozir Gollandiyadan uch tergovchi ishlamoqda.

Bugun BMT Xavfsizlik Kengashida xalqaro ekspertlarga tergovda ishtirok etishga imkoniyat yaratishni talab qiluvchi rezolyutsiya ovozga qo’yiladi.

Avstraliya tashqi ishlar vaziri Juli Bishop AQShda rasmiylar bilan uchrashib, rezolyutsiyani qabul qilishda Vashingtondan alohida shijoat ko’rsatishni so’ramoqchi. Avstraliya halokatda kamida 37 fuqarosini yo’qotgan.

"Samolyotni rossiyaparast isyonchilar urib tushirganini taxmin qiladigan bo’lsak, aynan shu odamlar hozir halokat joyini nazorat qilayotgani xuddi jinoyatchilarga jinoyat sodir etilgan joyni topshirgan bilan barobardir", - deydi Avstraliya bosh vaziri Toni Ebbot.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, agar Ukraina o’tgan oy sharqda harbiy harakatlarni jonlantirmasa edi, Malayziya samolyoti bilan bunday fojia yuz bermasdi.

"Hech kimning bu fojiadan o’z siyosiy maqsadlariga erishishda foydalanishga haqqi yo’q. Tergov bilan shug’ullanayotgan xalqaro ekspertlar xavfsizligini ta’minlash zarur", - dedi Putin.

Uning aytishicha, Rossiya BMTning Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti ekspertlarining ishlashi uchun sharoit yaratishga harakat qilmoqda.

"Ukraina sharqidagi mojaroning harbiy fazadan muzokara bosqichiga o’tishini ta’minlashga harakat qilamiz. Tomonlar muzokara qilishi, masalani tinch yo’l va diplomatik vositalar bilan hal etishi zarur", - deydi Putin.

AQSh davlat kotibi Jon Kerriga ko’ra, Rossiya separatistlarni samolyotga qarshi ilg’or raketa tizimi bilan ta’minlab, uni ishlatishni o’rgatgan. Bunga ko’plab dalillar bor, deydi Kerri.

Uning nazarida bu fojia Yevropa davlatlarini Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chorlashi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG