Ukraina yangi rahbari davlatni korrupsiyadan tozalab, ochiq jamiyatga aylantirishni va’da qilmoqda. Tahlilchilar nazarida bunaqa islohotlar o’tkazish uchun parlamentda ham o’zgarishlar qilish kerak.
Ukrainada xalq bejiz ko’chaga chiqqani yo’q - korrupsiya qo’rqinchli tus olgan. Omma bunda asosan oldingi rahbar Viktor Yanukovichni ayblaydi.
Kiyev markaziy maydonida norozilik namoyishlari sifatida boshlanib, qonli to’qnashuvlarga aylangan voqealarda kamida yuz odam qurbon bo’ldi. Odamlar mas’uliyatli, xolis bir jamiyatda yashashni xohlashini bildirdi.
Sara Mendelson, siyosiy tahlilchi:
“Shaffoflik, javobgarlik kabi qadriyatlar uchun kurashdi odamlar. Hozirgi hukumatdan mana shuni kutayotgan va yangi rahbarni qo’llab-quvvatlayotgan fuqarolar ko’pchilik. 25-mayda ular shu bois Poroshenkoga ovoz berdi”.
Qasamyod marosimida Petro Poroshenko hukumat va xalq o’rtasida korrupsiyaga qarshi shartnoma tuzishni taklif qildi.
Lekin prezident bu o’zgarishlarni yolg’iz o’zi qilolmaydi. Har qanaqa islohotlarni Rada, Ukraina parlamenti ma’qullashi kerak. Korrupsiyaga qarshi guruhlar nazarida eski hukumat tarafida bo’lgan deputatlardan qutulish uchun parlamentni yangidan saylash lozim.
Olg’a surilayotgan asosiy tashabbuslardan biri – mustaqil, shaffof, qudratli Aksil-korrupsiya idorasini ta’sis etish.
Darya Kalenyuk Kiyevda korrupsiya bilan olishuvchi markazda ishlaydi.
“Yangi huquq-tartibot agentligi ochish haqida gap ketayapti. Uning aniq-tiniq maqsadi bo’ladi. Katta siyosiy korrupsiya ishlarini ko’rib chiqish bilan shug’ullanadi. Masalan, mansabni suiiste’mol qilish, davlatni mulkini o’g’irlash kabi ishlarni”, - deydi Kalenyuk.
Aksil-korrupsiya idorasi ochish bir masala. Boshqa bir vazifa, deydi Kalenyuk, uch muhim qonun qabul qilish: Jamoat mulkini sotishda shaffoflikni ta’minlash haqida; ko’chmas mulkni oshkora ro’yxatdan o’tkazish haqida - prezident Yanukovich o’ziniki qilib olgan dala hovli bunga misol. Uchinchi qonun esa korporatsiyalardan xo’jayinlari, sohiblari kim ekanini ochiq aytishni talab qilishi kerak.
Ukraina oshkora, xolis jamiyat bo’lishni xohlasa dadilroq harakat qilishi kerak, deydi Darya Kalenyuk.
“Ukraina mavjud tizimni o’zgartirish imkoniga ega. Shunaqa jamiyatga aylansinki, unda korrupsiya g’alati, g’ayrioddiy hol bo’lsin. Lekin fuqaro jamiyati va xalqaro hamjamiyatning bosimisiz bu davlat va hukumat o’z-o’zidan o’zgarmaydi”, - deydi suhbatdosh.
Prezident Poroshenko 2014-yil oxirigacha parlament saylovlari o’tkazmoqchi. Lekin huquq faollari nazarida saylovlar yaqin uch-to’rt oyda amalga oshirilishi lozim, toki islohotlar tezlashsin.