Breaking News

Rossiya: Ukrainada vaziyat izdan chiqmoqda


Kiyev ko'chalarida to'qnashuvlardan keyingi vaziyat, 21-yanvar, 2014-yil.
Kiyev ko'chalarida to'qnashuvlardan keyingi vaziyat, 21-yanvar, 2014-yil.
Ukraina poytaxti Kiyevda uch kundan buyon hukumatga qarshi namoyishchilar va politsiya o’rtasida to’qnashuvlar davom etar ekan, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “vaziyat nazoratdan chiqib ketayotgani” haqida ogohlantirdi.

“Mol-mulkka o’t qo’yish, vayron qilish, politsiyaga qarshi hujumlar yuz beryapti; Molotov qo’lbola bombalari va boshqa portlovchi moddalar ishlatilyapti. Vaziyat qo’rqinchli. Buni biror bir Yevropa qadriyati bilan oqlab bo'lmaydi”, - dedi Rossiya rasmiysi.

Lavrovning aytishicha, vaziyatni izga tushirish uchun Rossiya qo’shni o’lkaga imkon qadar yordam qo'lini cho'zmoqda.

Kiyevda namoyishchilar politsiyaga qarata turli jismlarni uloqtirgan. O’z navbatida, politsiya rezina o’qlari bilan javob qaytargan. Videolavhalardan birida tomonlarning yonib ketgan mashinani pana qilib, bir-birlariga hujum qilishga shay turgani aks etgan.

Ukraina rasmiylarining aytishicha, to’qnashuvlarda shu paytgaca 200 dan ortiq odam jarohatlangan. Ularning yarmi namoyishchilar ekani aytilgan. Zo’ravonliklar 100 mingdan ortiq hukumatga qarshi aholining 19-yanvar kuni norozilik namoyishi o’tkazishi ortidan boshlandi.

Muxolifat yetakchisi Vitaliy Klichko tarafdorlarini zo’ravonlikdan tiyilishga chaqirgan, ammo to’planganlar ichidan kimdir uning yuziga qarata o’t o’chirgich purkagan.

Klichko keyinroq prezident Viktor Yanukovich bilan ko’rishgan. Davlat rahbari milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisiga muxolifat talablarini o’rganib chiqish uchun maxsus ishchi guruh tuzish vazifasini topshirgan.

Prezident muzokaralarda shaxsan ishtirok etmaguncha, Klichko bu tashabbusga qo’shilmasligini aytmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG