Breaking News

Qurollar savdosi bo’yicha xalqaro kelishuv ma’qullandi


BMT Bosh Assamleyasi qurollar global savdosiga doir tarixiy hujjatni ko’pchilik ovoz bilan ma’qulladi. Eron, Shimoliy Koreya va Suriya unga qarshi chiqdi. Yirik eksportyor davlatlar – Rossiya va Xitoy ovoz bermagan.
Qurollar savdosi bo’yicha xalqaro kelishuv ma’qullandi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:36 0:00
Yuklab oling

154 davlat tomonidan ma’qullangan bitim insoniyatga qarshi jinoyat, genotsid va urush jinoyatlarini sodir etganlikda gumon qilingan shaxs va guruhlarga qurol-aslaha sotishni taqiqlaydi.

Yevropa Ittifoqining BMTdagi delegatsiyasi rahbari Tomas Meyr-Xarting kelishuvni mas’uliyat, oshkoralik tomon olg’a qadam va dunyo tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashga sezilarli hissa qo’shadi deya olqishlamoqda.

Eron va Shimoliy Koreya, turli sanksiyalar bilan jazolangan mamlakatlar, qurollar global savdosini tartibga solish to’g’risidagi hujjatga qarshi ovoz berdi.

“Bitim adolatsiz va bir yoqlama, chunki eksportyor davlatlar undan foyda ko’radi xolos”, - deydi Shimoliy Koreya elchisi Ri Tong Il.

Ovoz berishdan bosh tortgan 20 dan ortiq davlat safida Xitoy va Rossiya bor.

Rossiya diplomati Vitaliy Churkinning aytishicha, so’nggi daqiqada hujjat matniga kiritilgan o’zgartirishlar va undagi ayrim bandlar chuqur o’rganilishi kerak.

“Ana undan keyin Rossiya xalqaro paktga amal qilish-qilmaslik bo’yicha bir qarorga keladi”, - deydi u.

Obama ma’muriyati kelishuv ovozdan o’tganidan mamnun. “Global xavfsizlikni mustahkamlaydigan, shu bilan birga, qonuniy oldi-sotdini himoyalaydigan har tomonlama kuchli va effektiv hujjat”, - deydi Davlat kotibi Jon Kerri.

Qo’shma Shtatlar o’tgan yili qariyb 9 milliard dollarga teng qurol-aslaha sotgan. Eksport hajmi bo’yicha Rossiya va Xitoy ikkinchi va uchinchi o’rinda turadi.

Qurol sanoatini chuqur o’rgangan olim Deril Kimbalga ko’ra, bundan buyon qurollar savdosi xalqaro me’yor-standartlar asosida olib boriladi va bitimni imzolagan davlatlar har yili hisobot berib turishga majbur.

“Oksfam” xalqaro gumanitar tashkiloti maslahatchisi Martin Butcherning aytishicha, kelishuvning inson huquqlariga ham daxli bor.

“Eksportyor tomonlar inson haq-huquqlari poymol etilayotgan mamlakatlarga, qolaversa, o’z fuqarolarini qirayotgan hukumatlarga qurol uzatmaslik uchun mas’ul”.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG