Breaking News

BMTda Xitoydagi inson huquqlari holati muhokama qilindi


Xitoydagi inson huquqlari holati BMT Inson huquqlari kengashida muhokama etildi. Xitoy rasmiylari ayrim kamchliklarni tan olgan bo’lsa-da, fuqarolar huquqlarini himoya qilish va qo’llab-quvvatlash bo’yicha ko’plab ijobiy o’zgarishlar qo’lga kiritilganini ta’kidlamoqda.
BMTda Xitoy inson huquqlari muhokamasi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:23 0:00
Yuklab oling
Xitoydagi inson huquqlari ahvoli Birlashgan Millatlar Tashkilotining davriy qayta ko’rib chiqish dasturi bo’yicha ikkinchi marotaba tahlil qilinmoqda. Mazkur dastur bo’yicha BMT har bir davlatdagi vaziyatni har to’rt yilda o’rganib chiqadi.

Oxirgi marta 2009-yilda o’tgan nazoratda Xitoy BMT kengashi taqdim etgan tavsiyalarning 42 tasini qabul qilgan edi. Seshanba kungi yig’inda Xitoy delegatsiyasi rahbari ushbu tavsiyalarning hammasini bajarish imkoni bo’lmaganini tan oldi, ammo inson huquqlari sohasida ulkan ijobiy o’zgarishlar bo’lganini ta’kidladi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligining BMTdagi maxsus vakili Vu Xaylon Xitoy 1,3 milliard kishilik aholiga ega ulkan mamlakat ekanini va 56 etnik guruhdan iborat xalq turli qiyinchiliklar bilan yuzma-yuz kelishini tilga oldi. Ammo o’tgan to’rt yil davomida iqtisodiyot yanada farovonlashib, mamlakatda demokratiya va qonun ustuvorligini ta’minlash bo’yicha olg’a siljish kuzatilmoqda, deydi u.

Elchi Vuga ko’ra, sud tizimini mustahkamlash hamda etnik ozchilik bo’lgan guruhlarning huquqlarini himoya qilish borasida yutuqlar ko’p.

“Hukumatimiz Xitoydagi ozchilik guruhlarning keng qamrovli inson huquqlaridan emin-erkin foydalanishini istaydi. Bunday guruhlar davlat va mahalliy boshqaruvda xitoylar kabi erkin va teng ishtirok etmoqda. Ozchilik elatlar yashovchi hududlarda boshqaruvchilar orasida mahalliy kadrlarning soni oshib bormoqda. Ularning vijdon erkinligi hamda o’z tillarida gapirish va yozish huquqlari to’la ta’minlanadi va hurmat qilinadi. Davlatning bunday hududlarga kiritayotgan sarmoyasi miqdori ham oshib bormoqda”, - deydi Xitoy rasmiysi.

BMTda o’tgan tinglovda G’arb davlatlari vakillari Xitoyni faollarni hibsga olishda, so’z erkinligi va internetdan erkin foydalanish huquqlarini bo’gishda hamda ozchilik etnik guruhlarga tazyiq o’tkazishda aybladi.

Tinglov arafasida tibetlik besh nafar huquq faoli BMT binosi oldida namoyish o’tkazib, “Xitoy Tibetda inson huquqlarini ta’minlashning uddasidan chiqolmadi. BMT, Tibet uchun oyoqqa tur!” deb yozilgan shiorlarni ko’tarib chiqdi.

“Human Rights Watch” tashkilotining Xitoy bo’yicha tadqiqotchisi Shivey Yening aytishicha, Xitoy hukumatining siyosiy, fuqarolik hamda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy huquqlar bo’yicha olib boradigan siyosati cheklangan va shafqatsizdir.

“Bir tomondan noroziliklarni ayamasdan bostirish siyosati davom etmoqda. Shunga qaramay, odamlar ochiq gapirishdan qaytmayapti. Ularning qo’rquvi kamayib borayotgan bir paytda hukumatning o’z fuqarolaridan qo’rquvi oshib bormoqda. Umid qilamizki, hukumat o’z fuqarolaridan qo’rqishni to’xtatib, ularni tinglash va ular bilan birga ishlash yo’liga o’tadi. Xitoyda qonun ustuvorligining sog’lom rivojlanishida va barqaror taraqqiyotni saqlab qolishda bu masala juda muhim”, - deydi u.

Elchi Vu so’nggi so’zida Xitoy yuz tutayotgan muammo va kamchiliklar bor ekanini tan oldi. Ammo uning ishonch bilan aytishicha, Xitoy farovon davlat qurish orqali inson huquqlari sohasida ham muvaffaqiyatlarga erisha oladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG