Iroq armiyasi Mosul shahrini "Islomiy davlat"dan tortib olishga tayyorlanar ekan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochoqlar bilan ishlovchi agentligi hududda ulkan gumanitar inqiroz yuz berishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Agentlikning aytishicha, harbiylar amaliyotni kelasi oy yoki yil oxirigacha boshlashi mumkin. Har ikki holatda ham bir milliondan ortiq fuqaro uy-joyini tashlab qochadi, deydi rasmiylar.
BMTning qochoqlar bo'yicha Iroqdagi vakili Bruno Geddo uning idorasi kamida 750 ming odamga yordam berishni rejalayotganini aytdi. Bu ishga boshqa agentliklar ham yordam beradi; e'tiborni, asosan, tunash uchun boshpana yaratishga qaratamiz, dedi u.
Ayni paytda qochoqlar lagerlarini bunyod etish ishlari davom etyapti, ammo o'tovlarni tiklash va boshqa zarur jihozlarni o'rnatish uchun yer maydoni yetishmayapti. Bu muammoni hal etishning turli variantlari ko'rib chiqilmoqda. Hatto jang maydoniga yaqin yer ham nazardan qochirilgani yo'q, deydi BMT rasmiysi.
Geddoning aytishicha, BMT agentligi, ayniqsa, Mosuldan qochib keladigan odamlar xavfsizligidan xavotirda. Agar IShID shaharni saqlab qolishga urinsa, odamlar o'rtada qolib ketishi mumkin, deydi u.
"Odamlardan jonli to'siq sifatida foydalanishlari ehtimoli ham bor. Ularni ajratib olish uchun harbiylar va koalitsiya turli taktikalardan foydalanishi kerak. Albatta, urushda yaralanadiganlar uchun tibbiy inshootlar ham bo'lishi kerak", - deydi Geddo.
Muammolardan yana biri yetarli mablag'ning yo'qligi. Geddoning aytishicha, mazkur amaliyot uchun 196 million dollar kerak bo'ladi. Ammo hozirgacha bu pulning faqat 63 millioni yig'ilgan xolos.