Breaking News

Afg'on bolalariga dars bergan qochoq ayol BMT mukofotiga sazovor bo'ldi


Qochoqlar ishi bo'yicha BMT Oliy komissarining Nansin qochoqlar mukofoti sovrindori Oqila Osifiy
Qochoqlar ishi bo'yicha BMT Oliy komissarining Nansin qochoqlar mukofoti sovrindori Oqila Osifiy

Pokistonda umrini afg'onistonlik muhojir qizlarga ta'lim berishga bag'ishlagan ayol qochoqlar bo'yicha BMT agentligining oliy mukofoti bilan taqdirlandi. 49 yoshli Oqila Osifiyning o'zi ham afg'onistonlik muhojir.

BMT mukofotini olgan afg'on ayol, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:37 0:00

Moliyaviy imkoniyat cheklanganiga va qizlarning ta'lim olishiga nisbatan salbiy qarash mavjudligiga qaramasdan, Oqila Osifiy ota-onalarni qizlarini maktabga berishga ko'ndira oldi. U Pokistonning Panjob viloyatidagi qochoqlar qishlog'ida yosh qizlar uchun chodir-maktab ochdi. Bu yerda mingdan ortiq qiz boshlang'ich ta'limni oldi.

"Afg'on qizlarini o'qitishni maqsad qilganimda bir kun kelib bu mukofotni yutaman deb o'ylamagan edim. Baxtiyorligimni tasvirlab bera olmayman", - deydi u "Amerika ovozi" bilan suhbatda.

BMT ma'lumotiga ko'ra, Pokistonda 1,5 milliondan ortiq afg'onistonlik muhojir bor. Ularning yarmi maktab yoshidagi bolalar. Ammo bu bolalarning 80 foizi maktabga qatnamaydi. Osifiy 1992-yil oilasi bilan yurtini tashlab ketishidan oldin Kobulda muallimlik qilgan.

"Afg'onistonda yigitlarni ham, qizlarni ham o'qitardim. Bu qochoqlar qishlog'iga kelganimda ayollar va qizlar uchun hech qanday sharoit yo'qligini ko'rib dilim xufton bo'ldi", - deydi u.

Osifiy Kot Chandana qishlog'iga kelgach, o'z chodirida bir necha qizga dars bera boshladi. Oradan vaqt o'tib, u boshlagan ish kengaydi va hozir qishloqda bir necha doimiy maktab faoliyat yuritmoqda.

Maktablarni kengaytirish va zarur moliya bilan ta'minlash ishlariga BMT qochoqlar agentligi, mahalliy hokimiyat hamda nodavlat tashkilotlar yordam berdi.

Qochoqlar ishi bo'yicha BMT Oliy komissarining Nansin qochoqlar mukofoti o'z uyi va vatanini tashlab chiqishga majbur bo'lgan odamlarga beqiyos xizmat ko'rsatgan shaxslarga beriladi. Elenor Ruzvelt, Grasa Mashel va Luchano Pavarotti ham shu mukofot laureatlari bo'lgan.

Sovrinning 2015-yilgi taqdimot marosimi 5-oktabr kuni Jenevada bo'ladi. Hozirgi ishlarini davom ettirishi uchun g'olibga 100 ming dollar mukofot beriladi.

Osifiy olti nafar farzandning onasi. Oylik maoshining deyarli barchasini Kobul universiteti talabasi bo'lgan o'g'lining o'qishiga sarflaydi. 4 nafar qizining ta'lim olishiga sharoit yaratib berish esa yanada qiyin.

"Mening ishlarim Afg'onistonda ham amalga oshishini xohlayman. Qizlarini maktablarga yuborishni istamaydigan ota-onalarning qarashini o'zgartirish kerak", - deydi u.

Oqila Osifiy Afg'onistonda ko'proq bolalar ta'lim olishiga imkon beruvchi tinch kunlar kelishidan umidvor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG