Jahon hamjamiyati qochqinlar va migrantlar bilan bog'liq tanazzulni birgalikda hal qilishga va'da bermoqda. Biroq bu reja ijrosiga ko'plar shubha bilan qaraydi.
Dushanba BMT sammitida a'zo davlatlar qochoq va muhojirlarning haqlarini himoya qilishga, buning uchun birday mas'uliyatni bo'yniga olishga kelishib oldi.
"Qochqinlar va migrantlar og'ir yuk bo'lib ko'rilmasligi kerak. Ularning salohiyati katta, faqat buning uchun imkoniyat berilishi kerak", - dedi BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun sammitda. "Bu insonlarning haq huquqlari himoyasini jamiyatlarning diliga jo qilishimiz kerak", - deydi u.
Dunyoda 65 million odam sarson-sargardon. Ba'zilar ta'qibdan, boshqalar yo'qsillikdan, yana kimlar tabiiy ofatlardan qochadi.
Nyu-Yorkda ma'qullangan deklaratsiya tanazzuldan eng ko'p ziyon ko'rgan davlatlarga yordamni oshirish, qochqin bolalarni ta'limiy imkoniyatlar bilan ta'minlash, gumanitar yordamni oshirib, qochoqlar joylarga o'rnashishiga imkon berishni nazarda tutadi.
Rejada avvaliga mamlakatlardan har yili qochoqlarning 10 foizini o'z bag'riga olish so'ralgan. Ammo bu band olib tashlandi va davlatlarga aniq sondagi qochoqlarni qabul qilish sharti qo'yilmaydi. Xalqaro tashkilotlar, ayniqsa, nodavlatlar tashkilotlar buni tanqid qilmoqda.
Kutilmagan mehmon
Niderlandiyaga kelgan kunimdan boshlab g'azab va qo'rquv bilan yuzlashdik, dedi suriyalik Muhammad Badran sammitda so'zga chiqib. Eshiklar yopiq biz uchun, oliy ta'lim haqida gapirmasa ham bo'ladi. Bizni jiddiy qabul qilishmaydi, qadrimizga yetishmaydi, deydi u.
BMT qochqinlarga nisbatan diskriminatsiya va qo'rquv hissiga qarshi kurashga ko'proq e'tibor qaratmoqda. Zero davlatlar muhtoj bu odamlarga eshiklarini yopmoqda.
BMTning inson huquqlari bo'yicha komissari Zeid al-Husaynning aytishicha, ko'pgina o'lkalarda ijobiy ovozlarni hukumatda qolishni yoki hokimiyatni qo'lga kiritishni istagan va qo'rquvni qurol qilgan ovozlar bosib ketmoqda.
Xalqaro migratsiya tashkiloti BMT tizimiga qo'shildi
BMTning qochoqlar tanazzuliga doir faoliyatini yaxshilash uchun Xalqaro migratsiya tashkiloti rasman BMTga qo'shildi.
Agentlikning besh qit'ada ishlayotgan 10 mingdan oshiq xodim xalqaro tashkilotga bilimini taklif qilmoqda.