Breaking News

Rasmiy: AQSh kelasi yilda 110 ming qochqinni qabul qilishga tayyor


Suriyalik qochqin bolalar navbatda kutar ekan, ota-onalari qochqinlar markaziga ariza topshirmoqda. Iordaniya, 2016-yil aprel.
Suriyalik qochqin bolalar navbatda kutar ekan, ota-onalari qochqinlar markaziga ariza topshirmoqda. Iordaniya, 2016-yil aprel.

Prezident Barak Obama 2017-moliyaviy yilda AQSh 110 ming qochqinni qabul qilishini bildirdi. Bu ilk bosqichda ko’zlangan rejadan 10 ming odamga ko’proq va bu yilgi ko’rsatkichdan 30 foizga ziyod. 2015-yilda esa AQSh 70 ming qochqinga boshpana bergan.

Obama ma’muriyati, xususan, suriyalik qochqinlar AQShda yangi hayot boshlashi kerak, degan fikrda. AQSh rahbari o’z rejasini kelasi hafta Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yillik yig’inida rasman e’lon qiladi.

“Amerika Ovozi” mavzu yuzasidan davlat kotibining aholi, qochqinlar va migratsiya malalalari bo’yicha yordamchisi muovini Mark Storella bilan suhbatlashdi.

Qochqinlar oldida turgan eng jiddiy muammolar qanday degan savolga rasmiy shunday deydi:

“Ular bir joydan boshqasiga ko’char ekan, moliyaviy masalalarni hal qilishga majbur. Dasturimiz doirasida qochqinlarga o’z daromadiga ega bo’lishni o’rgatamiz, ya’ni ularga ish topishda yordamlashamiz. Bolalarning maktabda o’qishi yana bir muhim masala. Axir hammamiz farzandlarimiz haqida o’ylaymiz”, - deydi u.

Suriyalik qochqinlarga kelganda ular qo’shimcha tekshiruvlardan o’tadimi, deya so’raymiz rasmiydan.

“Xavfsizlik tekshiruvi deganda Federal qidiruv byurosi, Milliy aksil-terror markazi, razvedka xizmatlari, Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi elagidan o’tish nazarda tutiladi. Suriyaliklar Ichki xavfsizlik vazirligining nihoyatda batafsil, sinchkov suhbatidan ham o’tkaziladi”, - deydi Storella.

Germaniya rasmiylari “Islomiy davlat”ga a’zo uch suriyalik qochqinni hibsga oldi. AQShga kelayotgan qochqinlar orasida ham shunday ekstremistlar bo’lishi mumkinmi?

“Men bir narsaga alohida urg’u bermoqchiman: AQShga kelayotganlar orasida aynan qochqinlar eng ko’p tekshiriladi. Ularga aloqador har bir ma’lumotni sinchkovlik bilan tekshiramiz. Shuning uchun AQSh tuprog’iga yetib kelganlar orasida bunday elementlar yo’q deb aytishim mumkin”.

AQShda qo’nim topayotgan suriyaliklar kimlar?

“AQShga kelayotan suriyalik qochqinlarning 80 foizi ayollar va bolalardir. Voyaga yetmaganlar 60 foizga teng. Erkaklardan esa odatda oila a’zolari: buva, ota yoki katta o’g’il. Oilasiz, yakka o’zi kelgan erkaklar barcha suriyalik qochqinlarning yarim foizini tashkil etadi, xolos. Ammo ular har tomonlama tekshiriladi”, - deydi Davlat departamenti rasmiysi.

Bu qochqinlar qaysi shaharlarda, qanday mahallalarda joylashtirilyapti?

“Qochqinlarning o’z daromadiga ega bo’lishi biz uchun muhim. Ular AQSh hukumatidan katta yordam olmaydi va shuning uchun tez ish topishi kerak. Demak, uy-joy qimmat bo’lmagan mahallalar ular uchun qulayroq. Shaharlarga kelsak, Detroyt va Klivlend qochqinlarni qo’l ochib kutib olmoqda. Ular bizga ko’proq qochqinlar yuboring, deydi, chunki qochqinlar nihoyatda ishchan, mehnatkashligi bilan ajralib turadi.

Keyingi yili AQSh 100 ming qochqinni qabul qilishga tayyormi?

“Davlat kotibi Jon Kerri aytganidek, shunday reja bor. Agar yanada ko’proq odamga boshpana bera olsak, shunday qilamiz. Hozircha belgilangan maqsad 100 ming qochqin. Amalda ko’proq bo’lishi mumkin”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG