BMT Xavfsizlik Kengashining nodoimiy a’zolari saylandi. Yaponiya, Misr, Ukraina, Senegal va Urugvay xalqaro tashkilotning eng nufuzli organiga 2016-yil 1-yanvarida qo’shiladi.
Saylov natijasi oldindan ma’lum edi. Chunki davlatlar o’zaro maslahatlashib, nomdozlarni tanlagan.
Ammo 1-yanvardan keyin Kengash faoliyatini kuzatish qiziq bo’ladi, deydi tahlilchilar.
“Masalan, Misr doim AQSh hamkori bo’lib kelgan, biroq so’nggi paytlarda Rossiya bilan yaqinlashdi,” - deydi Kolumbiya universitetidan Richard Govan.
Ukraina ham diqqat markazida. Kengashning doimiy a’zosi, veto huquqiga ega Rossiya bilan uning munosabatlari sovuq.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Pavlo Klimkin 8000 dan ziyod odam hayotini olib ketgan mojaroni, Rossiya Ukraina sharqidagi bo'lginchilarni quvvatlayotganini tilga oldi.
“Rossiya bosqini va agressiyasiga qarshi kurashib kelayapmiz. Tinchlik qadrini, BMT tamoyillarini yaxshi tushunamiz”, - dedi u.
Senegal va Urugvay BMT tinchlikparvar qo’shinlariga eng katta hissa qo’shgan bo’lsa-da, Xavfsizlik kengashi faoliyatiga jiddiy ta’sir qilmaydi, deydi mutaxassislar. BMTga asos solinganidan beri bu organga 11-marta saylanayotgan Yaponiya kattaroq rol o'ynashga qodir.
BMT bo’yicha mutaxassis Jeffri Lorentining qayd etishicha, ikki yilga saylanadigan nodoimiy a’zolarning Xavfsizlik Kengashidagi ahamiyati so’nggi yillarda kamaydi. Besh doimiy a’zo - AQSh, Rossiya, Xitoy, Fransiya va Britaniya - barcha qarorlarni o'zlari qabul qilishmoqda.