Birlashgan Millatlar Tashkilotida Bosniya urushi davrida, 1995-yilda Srebrenitsada yuz bergan qatliomning 20 yilligi xotirlandi. Ushbu genotsid II Jahon urushidan beri insoniyat guvoh bo'lgan eng vahshiy qotillik hisoblanadi.
BMTda 8000 dan ziyod bosniyalik musulmon erkak va bola xotirasiga bir daqiqa sukut saqlandi. Etnik urushda Serbiya kuchlari ularni asosan dini uchun qirgan.
Bosh kotib Pan Gi-Mun fojeada BMT ham aybdor, deydi.
“Srebrenitsadagi musulmon erkak va bolalarning vahshiyona o’ldirilishi xalqaro hamjamiyat yodida abadiy qoladi. Shunday jinoyatlarning oldini olish va to’xtatish uchun tashkil qilingan BMT o'z vazifasini bajara olmagan. BMT Kotibiyati, Xavfsizlik kengashi va a’zo davlatlar bunda birdek aybdor”, - deydi u.
AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer ham fojea hech qachon unutilmasligini aytdi.
“Srebrenitsada genotsid bo’lganini inkor etuvchilar faqat o’zlarini sharmanda qiladi. Bu yerda yig’ilgan barchaga shuni aytishimga ijozat bersangiz; Srebrenitsadagi terrorni nafaqat xotirlashimiz, balki bunday genotsid va ommaviy jinoyatlarning hozirda ro’y berishiga yo’l qo’ymasligimiz kerak”, - dedi u.
Kelasi hafta Xavfsizlik kengashi Srebrenitsa qatliomining 20 yilligini xotirlab rezolyutsiya qabul qilishi kutilyapti.