Breaking News

Hali ham bir qarorga kelmagan saylovchilar


Saylov-2016: Ovoz beraymi, bermaymi...
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:38 0:00

Amerikada prezident saylovlariga oz vaqt qolgan bo’lsa-da, saylovchilarning taxminan 15 foizi haligacha bir qarorga kelmagan. Ularning ovozi poyga natijasini hal qilishi mumkin.

Ommaviy so’rovlardan bilamizki, yosh saylovchilarning 36 foizi muayyan nomzod saylanmasin deb, uning raqibiga ovoz bermoqchi.

Bu yilgi saylovning muhim ekani hammaga ma’lum, lekin hamma ham ovoz beradi degani emas. Ogayo universitetida 18-35 yoshlar orasidagi fuqarolar bilan suhbatdamiz. Birinchi marta ovoz berayotganlar va kimga ovoz berishni bilmaydiganlar talaygina.

“Har ikki nomzod haqida qo’rqinchli narsalarni bilib oldik”, - deydi Endryu Langen ismli talaba.

U saylovda qatnashadi. Do’stlarini ham ovoz berishga undamoqda.

“Bu yili saylovga chiqmayman, degan gaplarni eshityapmiz. Bundan nima foyda? Ovozingiz natijani hal qilishi mumkin. Nomzodlardan hech biri yoqmasa ham ovoz bering, bu huquqdan foydalaning”, - deydi Lika Delafuente ismli yana bir talaba.

Set Bert fikricha esa, ovoz berishdan bosh tortish ham fuqaroning huquqi.

“Ovoz berish, bermaslik, o’zimga havola. Ikki yomondan yaxshirog’ini tanlashga majbur bo’lsak, bu hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi”.

Bert va uning tengdoshlari nomzodlarga eslatib qo’ymoqchi: biz aholining katta qismini tashkil etamiz, bizga quloq tuting.

Yoshi kattaroq saylovchilar orasida ham nomzodlar orasida o’tgan televizion debatlarni kuzatib, ikkilanib turganlar bor. Jinjer Kanningem ikki partiyadan hech biri kelajakni o’ylamayapti, deydi.

“Farzandlarimiz ertaga qanday mamlakatda yashaydi? Bu haqda o’ylamaslikka harakat qilaman”, - deydi u.

Klinton va Trampdan tashqari uchinchi partiyalardan ham nomzodlar bor. Stiven Salinger o’shalarga ovoz bermoqchi.

“Uzoq yillik siyosatchilar ham, Tramp ham menga ma’qul emas. Bu safar Libertarianlar partiyasiga ovoz bermoqchiman”, - deydi u.

Ikkilanib turganlar va kichikroq partiyalarni quvvatlayotgan saylovchilar elektoratning 15 foizini tashkil etadi. 2012-yilgi saylovda bundaylar uch karra kamroq edi.

Tarixan saylov kunigacha ko’pgina fuqarolar bir qarorga kelib, bu raqam kamayadi. Lekin ekspertlar so’zlariga ko’ra, bu safargi poyga avvalgilaridan keskin farq qiladi. Jamiyat ikkiga bo’linib qolgandek.

“Meni qiziqtirgan boshqa masala: ayrimlar bir qarorga kelmaganmi yoki kimga ovoz berishini aytishni xohlamaydimi?”, - deydi Richard Eksner, tadqiqotchi.

8-noyabrda savollarga javob olamiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG