Amerika rahbari, xizmat muddati tugan borayotgan Barak Obama va uning rafiqasi Mishel prezidentlikka demokrat nomzod Hillari Klinton tomonida targ'ibot ishlari olib borayapti.
Payshanba kuni Shimoliy Karolinada Mishel Obama va Klinton fuqarolar bilan ko'rishdi. Bu shtatda demokrat va respublikachi nomzodlar deyarli teng ketayapti. Respublikachi Donald Tramp esa Ogayoda. Bu shtatda ham reytinglar deyarli barobar.
Saylov yaqinlashib borar ekan, Klinton oldinda, lekin so'rovlarga ko'ra, Tramp bilan farq u qadar katta emas. Bu esa saylov natijasi mavhum va har bir nomzod har bir saylovchi uchun kurashni davom ettirishi kerak, degani. Mishel Obama payshanba kuni Shimoliy Karolinada aynan shu haqda gapirdi.
"Ovoz beramiz. Erta ovoz beramiz. Navbatda turamiz", - dedi Mishel.
Uning aytishicha, Trampning saylovlarda unga qarshi fitna ketayotgani haqidagi da'volari safsata. U fuqarolarning hafsalasini pir qilishga urinayapti, deydi Mishel. Ovoz bermasangiz, prezidentlikka haqiqatda loyiq nomzod Hillari g'alaba qozona olmaydi, deydi u.
"Yaqin tarixda prezidentlik uchun tajribasi va uquvi yetarli yagona nomzod aynan Klintondir. Barak Obamadan, Bill Klintondan ham ustunroq nomzod aynan Hillaridir. Bosh qo'mondon bo'ladigan arbob u", - deydi Mishel Obama.
Klinton o'z navbatida Shimoliy Karolina ahlini saylovga chiqishga, iqtisod, immigratsiya, oila, ekologiya va ta'lim muhim mavzular ekanini eslatdi.
"Ta'lim uchun xarajatlarni kamaytirish haqida gap ketmoqda. Talabalarning qarzini kamaytirish haqida so'z bormoqda. Har bir fuqaro kollejga kirib, uni tamomlashini xohlasangiz, saylovga chiqing", - deya undadi Hillari.
Tramp ham tarafdorlari bilan ko'rishar ekan, u orqada ekanidan dalolat beruvchi reytinglarni tan olishdan bosh tortayapti. U fuqarolarga ish joylarini qaytarishga, Bill Klinton prezidentligi davrida Meksikaga ketgan bizneslarni qaytarishga va'da berayapti.