Amerikaning yuzlab eski shaharlarida chiqindi suvlarni to’g’ridan-to’g’ri mahalliy daryoga to’kish odatiy hol. Yangi texnologiyalar Vashington kabi shaharlarga katta miqdordagi oqindi suvlarni daryoga emas, dalalar, o’simliklarni sug’orish maqsadida yo’naltirish imkonini beradi.
30 metr chuqurlikda qurilayotgan tunnellar AQSh poytaxtidagi chiqindi suvlarning tabiatga qaytarilishini ta’minlaydi. Loyiha Toza Daryolar deb nomlangan. Vashington kanalizatsiya tizimi 1900-yildan oldin qurilgan bo’lib, yog’ingarchilik ko’p bo’lganda chiqindi va yog’in suvlari aralashib ketadi.
“Quruq mavsumda oqindi suvlar tozalash zavodiga yo’naltiriladi. Lekin yomg’ir ko’payganda quvurlarning kuchi yetmaydi va hammasi aralashib daryoga quyiladi”, - deydi loyiha rahbari Sheyn Yanagisava.
Vashingtonning suv ta’minoti kompaniyasi nafaqat aholini toza suv bilan ta’minlash uchun javobgar, balki yiliga 8 ming mega litr chiqindi suvlarini ham tozalaydi.
“Anakostiya daryosi uzoq yillar ochiq ko’lmak edi. Hamma axlat aralash suv shu yerga quyilardi”, - deydi injener.
2005-yilda kanalizatsiyani qayta loyihalash boshlandi. Shahar ostidan 21 kilometr uzunlikdagi tunnellar qazilmoqda. Taxminan 378 mega litr chiqindi va yog’in suvlar daryolarga emas, ana shu tunnellarga yo’naltiriladi.
Kengligi sakkiz metr keladigan, Nenni deb nomlagan burg’ilash mashinasi qurilishda qo’l kelayapti. Kelgusida oqova suvlarning 80 foizi tunnellarda jamlanadi va so’ngra suvni tozalash zavodlariga yuboriladi. Usbu mexanizm 2023-yilda deyarli to’liq ishga tushgach, bu raqam 98 foizga yetadi.
Toza Daryolar loyihasi taxminan 2,7 milliard dollarga tushadi. Maqsad - Potomak va Anakostiya daryolarining sanitar holatini yaxshilash. Chiqindi suvlarning 96 foizini tozalash – bu mamlakat bo’ylab qo’yilgan eng yuqori marra. Rasmiylarning aytishicha, ayni paytda AQSh bo’ylab 750 shahar kanalizatsiyasi poytaxtdagi kabi eski rejimda ishlamoqda.
Facebook Forum