Breaking News

Amerika arklar bog’iga millionlab sayyoh keladi


Millionlab sayyohlarni jalb qilayotgan Amerika arklari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00

Millionlab sayyohlarni jalb qilayotgan Amerika arklari

Amerika Milliy arklar bog’iga qariyb bir asr ilgari asos solingan. Hozir bu eng ko’p sayyohlar keladigan joy. Yuta shtatida joylashgan bog'da ikki mingdan ortiq tabiiy shakllangan ajoyib arklar, yuzlab tog’ cho’qqilari, g’aroyib suyaklar, qoyalar ustida muvozanat bilan turgan bahaybat toshlar bor.

​“Uch g’iybat”, “Fillar paradi”, "Shimol derazasi", "Organ", "Bobil minorasi" kabi ikki mingga yaqin ark qiyofasidagi toshlar Amerikaning eng mashhur bog'laridan birida qad ko'tarib turibdi. Park hududining bir qismi Mars sayyorasi sirtini eslatadi, million yillar oldin ro'y bergan tektonik siljishlar natijasida shakllangan. Vaqt bu yerda to'xtab qolganday.

“Har bir toshning o’ziga xos qissasi bor, albatta. Ular qanday yaralgan? Qumtepaliklarda esayotgan shamol yoki cho’llardagi qum to’zonlari ta’sirida shakllanganmi? Toshlarga yaqindan kelib qarasangiz, qadimda, kamida million yillar avval zamon qanday bo’lganini bildiradi.

Amerika Milliy arklar bog'ining maydoni 300 kvadrat kilometr. 1988-yilda aynan shu yerda rejissyor Stiven Spilbergning “Indiana Jouns va so’nggi Salb yurishi” filmi suratga olingan.

“…navqiron yigit Indiana lashkarlari bilan otda ketmoqda. Bu joyga kelish oson. Parkka ilk kelgan sayyohlarda doim shunday taassurot paydo bo'ladi”, - deydi milliy bog’ xodimi Li Ferguson.

“Nafis ark” bu yerda eng mashhuri bo'lib, bo'yi 18 metr. Sayyohlar, asosan, shuni tomosha qilishga kelishadi, "Nafis ark"ni Yuta shtatida ro'yxatdan o'tgan avtomobillar nomerida ko'rish mumkin. 2002-yilda shtat poytaxti Solt-Leyk Siti shahrida o’tgan Qishki Olimpiada mash’ali ana shu ark ostidan olib o'tilgan.

Arklar qizg’ish qumtoshlardan shakllangan. Ba’zi toshlarda ikki xil rangni ko'rish mumkin, biri qo'ng'ir. Rang-barang toshlar uzoqdan ko'rinadi. Sayyohlar nafaqat ajoyib arklarni tomosha qilgani, toqqa chiqib bu joylarni kashf qilgani ham kelishadi.

“Ba’zi odamlar suratlarda ko’rgan joylarini ko’rish uchun, ba’zilar esa suratga tushirish uchun kelishadi”, - deydi Li Ferguson.

Milliy arklar bog’i 1929-yilda ochilgan. O’sha yili atigi 500 odam uni tomosha qilgan. Hozir esa millionlab sayyohlar keladigan joy. Har bir odam o’zgacha yangilik topib ketadi. Li Ferguson bir necha yillardan beru shu yerda ishlarkan, tabiat mo’jizasi uni har kuni hayratga soladi.

“Bu yer men uchun qadrdon. Necha yillardan beri kuniga ko’raverib har bir tosh, ark, o’simlik o’rtog’imday bo’lib qolgan”, - deydi u.

Ferguson bu arklarni, bog’ni borligicha saqlab qolish muhim deb biladi. Nafaqat o’ziga xos maftunkor joy bo’lgani uchun, balki Amerikaning milliy boyligi bo'lgani uchun ham.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG