Breaking News

UNESCO Amerikani ovoz berish huquqidan ayirdi


Amerika 8-noyabr kuni UNESCO, Birlashgan Millatlar Ta’lim, Ilm-Fan va Madaniyat Tashkilotida ovoz berish huquqini yo'qotdi.

Chunki AQSh 2011-yildan beri bu organga a’zolik badalini to’lamagan. O'z navbatida bunga sabab - Falastin unga a’zo sifatida sifatida qabul qilingani. Isroil ham Amerika tutgan yo’ldan borgan va u ham tashkilotda endi ovoz berolmaydi.

Vashington uchun bu katta zarba, lekin UNESCO Obama ma’muriyatini siyosiy qaroridan qaytib, badalni to’lab global miqyosdagi bebaho loyihalarni quvvatlashda davom etishga ko’ndirishga urindi. Ikki yillik harakat samara bermadi.

AQSh nazarida Isroil-Falastin masalasi hal etilmay turib, Falastinga alohida davlat deb qarash bu nifoqni yanada chigallashtiradi va UNESCO singari madaniy tashkilotlar mojaro avj olishi uchun hissa qo’shmasligi kerak.

Falastinning chegaralari hali aniqlanmagan, Isroil bilan kelishilmagan va tub muammolar bartaraf etilmasdan uni mustaqil davlat sifatida qabul qilish strategik xato, deydi Amerika diplomatlari.

Obama ma’muriyati Falastin mustaqil davlat bo’lishini va Isroil tortib olgan yerlarini qaytarib berishini istaydi, lekin bu borada hali kelishilmadi, deya tushuntiradi rasmiylar.

Amerika badali UNESCO byudjetining 22 foizidir, ya'ni 80 million dollar. Bunday katta moliya manbaidan ayrilish tashkilotni qisqartirib, o’nlab loyihalar to’xtab qolgan yoki yopilgan.

UNESCOning AQShdagi elchisi Deyvid Killon deydiki, moliyani to’xtatgan bu Kongress, qonunchilar, ya’ni Oq uy yoki Davlat departamenti emas.

“Biz harakat qildik. Qonunchilikni o’zgartirishga urindik, lekin maqsadga yeta olmadik”, - deydi elchi.

Amerika pul bermagani sabab zarar ko’rgan loyihalar orasida Iroqda irrigatsiya tizimini yaxshilash va ichimlik suvi ta’minotini ta’mirlash; Afrikada qatliomlarning oldini olish dasturi; Xolokostdan olingan saboqlar, diniy-etnik bag’rikenglik va tolerantlik targ’iboti singari proyektlar bor.

Amerika-UNESCO munosabatlari azaldan qiyin bo’lgan. 18 yillik tanaffusdan so’ng AQSh bu organga 2002-yilda qaytgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG