Breaking News

AQSh avtomobil bozorida nima gaplar?


"Chevrolet Corvette" rusumidagi avtomobil.
"Chevrolet Corvette" rusumidagi avtomobil.
Michigan shtatining Detroyt shahrida har yili Shimoliy Amerika xalqaro avtoshousi o’tkaziladi. Avtomobillarning yangi modellari jamoatchilikka taqdim etiladi. Bundan besh yil avval moliyaviy inqiroz tufayli og’ir ahvolga tushgan sanoat qayta oyoqqa turar ekan, mashhur kompaniyalar yangi avtomashinalarni ko’z-ko’z qilmoqda.

AQSh avtomobil bozorida nima gaplar?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:33 0:00
Yuklab oling

2009-yilda bankrotlik yoqasiga kelib qolgan “Kraysler” kompaniyasi ayrim zavodlarini yopishga qaror qildi. Charls Archard zavod ishchisi edi.

“Men va rafiqam birga ishlardik. Rafiqam zavod taklif etgan pulni olib, ishdan bo’shadi. Zavod bankrot bo’lishi mumkin edi, lekin men tavakkal qilib ishda qoldim”.

Archard adashmadi. “Kraysler” “Sterling Hayts” zavodini yopmadi. Aksincha, ishchilar sonini oshirdi. Bu yilgi Shimoliy Amerika xalqaro avtoshousida kompaniya aynan Charls Archardga o’xshagan ishchilar yangi rusumdagi avtomobillarni ishlab chiqara boshlashini e’lon qildi. Demak, yaqin kelajakda ularning ishi tayin.

“Yangi loyihalarga bir milliard dollar sarmoya qilinayotganini eshitib, yanada quvondik,” - deydi Archard.

Audi S8
Audi S8
“Qayta oyoqqa turdik. Michiganni shu sanoat tebratadi,” - deydi demokrat senator Debbi Stabenau.

U Michigandan saylangan. “Kraysler” qarori AQSh avto sanoatida keskin burilish yuz berganining yorqin misoli, deydi u. Buni ko’rgazmadagi mahsulotlarga qarab ham ko’rish mumkin.

“Nafaqat yoqilg’i tejaydigan texnologiyalar, balki a’lo darajadagi muhandislik va dizayn namunalarini ko’rib turibmiz,” - deydi senator.

Porsche 911 Targa
Porsche 911 Targa
“General Motors” kompaniyasi yaqinda o’tkazilgan bir shousida Chevrolet rusumidagi mashinalarini ommaga ko’z-ko’z qildi. Ixchamroq, kam yonilg’i talab qiladigan modellar o’rniga Chevrolet Corvette ning yangi, jozibali varianti taqdim etildi. U ko’p benzin “yeydi”, narxi ham osmon baravar.

“Albatta, bugun dong’i ketgan mahsulotlarimizning eng yangisini ommaga ko’rsatdik. Lekin yonilg’ini tejaydigan modellarga ham katta urg’u beramiz,” - deydi "General Motors" vakili Kristi Lendi.

Uning aytishicha, Spark va Sonik kabi kichik hajmli mashinalar savdosi bir yilda 10 foizga oshgan.

Toyota FT-1
Toyota FT-1
“General Motors”ga raqib “Ford” kompaniyai rahbari Alan Mulalliga ko’ra, ixcham avtomobillarga talab oshaveradi.

“Yaqin kelajakda daromadning yarmidan ko’pi shunday avtomobillardan tushadi. Eng katta bozorimiz - Osiyo-Tinch okeani mintaqasi,” - deydi u.

Bu “Ford” kompaniyasi ishchilari uchun xushxabar. Ammo AQSh avtomobil sanoati vatani hisoblangan Michiganda ishsizlik hamon mamlakat bo’ylab eng yuqorilardan - 9 foiz.

Avtosanoat oyoqqa turar ekan, tobora ko’prop odam o’ziga ish topayapti. Biroq davomli iqtisodiy inqiroz asoratlari haliyam seziladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG