Breaking News

Vashingtonliklar velosipedlarni afzal ko'rmoqda


2007-yildan buyon poytaxt Vashingtonda ishxonaga velosipedda borib kelayotganlar soni ikki baravar ko’paydi. AQShning boshqa shaharlarida ham o’xshah jarayon kuzatilmoqda. Shahar ma’muriyati velosipedchilar uchun maxsus qulayliklar yaratgan.

Loren Kopsining do’konida velosipedni nafaqat jismoniy mashq va dam olish uchun, balki transport vositasi sifatida sotib olayotgan mijozlar ko’paymoqda.

“Bunday odamlarga pishiq, chidamli velosipedlar kerak. Boshqa talablar ham bor, Masalan, ular velosiped minish uchun alohida kiyim sotib olmaydi, borini kiyadi. Idorasiga ishga kiyadigan kiyimida qatnaydi. Ya’ni ular sportchilardan farq qiladi”.

Yevropa va Osiyoning ko’p mamlakatlarida velosiped minish odatiy hol. Qo’shma Shtatlar uchun esa bu yangi amaliyot.

Virjiniya politexnika instituti professori Ralf Buler shaharlarda velosiped minish haqidagi kitob muallifi. Amerikada bu jarayonning endi boshlanishi sababini quyidagicha tushuntiradi.

“So’nggi 60-70 yilda AQSh shaharlari avtomobillarga moslashtirilgan. Ko’pgina shaharlar 1956-yildan boshlab federal byudjetdan shtatlararo trassalarni qurishga mablag’ ajratilganidan foydalandi. Federal byudjetdan 90 foiz ajratilardi. Shahar esa 10 foizini qoplasa kifoya edi,” - deydi u.

Ikkinchi jahon urushidan keyin amerikaliklar sayohat qilish va shahar tashqarisida yashashga odatlandi. Avtomobil erkinlik siymosiga aylandi. Bugunda esa hamma qulaylik hamda past narx haqida o’ylab ish tutmoqda.

“Avtomashina haydash o’rniga velosiped minsa, har bir odam o’rta hisobda yiliga 8-9 ming dollar atrofida tejaydi,” - deydi Vashington velosipedchilari uyushmasidan Greg Billing.

Tadbirkorlar orasida ham ikki g’ildirakli transport vositasiga qiziqish oshmoqda, deydi u.

“To’rtta teatrning oldida velosiped qo’yishga mo’ljallangan joy hamisha to’la. Yo’l-yo’lakay ular kofexona yoki gul do’koniga kirib o’tadi. Bir qaraganda bunday do’kon sohibi velosipedchi kamroq pul sarflaydi, deb o’ylashi mumkin. Ammo gap shundaki, velosiped mingan kishi do’konlarga tez-tez kirib turadi”.

Professor Buler amaliyot kengaygan sari hukumat ham pul tejaydi, deydi.

“Velosipedlar uchun yo’laklar qurish avtomobil yo’llarini qurish va ta’mirlashga qaraganda arzonroq”.

AQSh Transport vazirligi poytaxt Vashington va uning atrofida velosipedlar ijarasi tizimini barpo etish uchun ikki yilda besh million dollar sarfladi. Bugunda unga 20 ming odam a’zo, 1660 velosiped prokatga beriladi.

“Ishga velosipedda bormoqchi bo’lsam-da, uyga piyoda qaytaman desam, buning iloji bor. Erta tongda havo sovuq bo’lsa, velosiped o’rniga avtobusda ishga borishim mumkin. Kun isiganida velosiped minsa ham bo’ladi,” - deydi bir vashingtonlik.

Shaharda ham velosipedchilar uchun qulayliklar yaratilmoqda. Masalan, ularning xavfsizligini ko’zlaydigan qonun qabul qilindi, maxsus yo’laklar ajratildi.

AQSh Aholishunoslik byurosi ma’lumotiga ko’ra, Vashingtonda velosipedda yuradiganlar barcha transport vositalaridan foydalanadiganlarning to’rt foizini tashkil etadi. Bu ma’noda mamlakat sharqidagi shaharlar orasida Vashington Nyu-Yorkdan keyin ikkinchi o’rinda turadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG