Breaking News

Tarixiy parom hamon yo'lovchilar xizmatida


Qadim parom/White's Ferry
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:27 0:00

Qadim parom/White's Ferry

O’tmishda paromlar daryo bo’ylab yuk va odamlarni tashishda katta rol o’ynagan. Poytaxt Vashingtondagi Potomak daryosida bir paytlar 100 dan ziyod parom yurgan. Hozir esa ulardan bittaginasi qolgan, xolos. XVIII asrning oxirida ishini boshlagan “White’s Ferry” hamon odamlar xizmatida.

Paromga avtomobillar olib chiqilishini kapitan kuzatib turibdi.

Endi gal velosipedlarga. Skott Leyk va uning sportchi do’stlari mashq qilishga shu paromda boradi.

“Paromni juda yaxshi ko’raman. O’tmishga qaytgandeksiz. Daryoga yaqinsiz. Qisqaroq yo’ldan borasiz. Demak, hamma tarafdan yutasiz,” - deydi u.

“O’tmishni eslatadi. O’z tarixiga ega parom. An’anaviy ishini bajarishda davom etyapti,” - unga jo'r bo'ladi velosipedchi Kristen Vedemayer.

“White’s Ferry” 1786-yildan beri yuradi. Potomak daryosi Merilend va Virjiniya shtatlari hamda Vashington shahrini bog’laydi. 1860-yillardagi AQSh fuqarolar urushi paytida esa undan armiya keng foydalangan.

1946-yildan buyon paromga Malkolm Braun oilasi egalik qiladi.

“Otam Ikkinchi jahon urushidan qaytgach, do’stlari bilan birga bu paromni sotib olgan. 1972-yilda men armiyadagi harbiy xizmatni tugatib, uyga qaytdim. Otam mendan paromni boshqarishni so’radi. Avval bir yil ishlayman xolos, degandim. Ishga kirishgach vaqt o’tganini ham bilmay qoldim,” - deydi Braun.

Biznes kengaydi. Braunlar paromi avvalida uchta avtomobil tashirdi. So’ngra 15 ta mashina sig’adigan parom sotib oldi. Hozir esa 24 avtomashinaga moslashgan va simda to’rtiladigan parom ishlab turibdi.

Potomak daryosidagi yagona parom xizmatidan mahalliy aholi juda mamnun.

“Yo’lda, mashinalar tirbandida qolib ketmaysiz. Men har kuni paromdan foydalanaman. Mana sakkiz yildirki, ishga shu tarzda borib kelaman,” - deydi bir yo'lovchi.

“Men uchun bu eng qisqa va tez yo’l. Atrof go’zalligini aytmaysizmi,” - deydi yana biri.

Bir tarafga 5 dollar, ikki tarafga esa 8 dollar to’lash kifoya.

Kapitan Deyvid Pirs uch hamkasbi bilan paromni boshqaradi. Erta tong soat 5 dan kech soat 11 gacha almashib ishlashadi.

“Bor-yo’g’i uch yarim minut yuramiz. Bu qisqa vaqt ichida ham daryoni kuzatish, ham paromga qarash, hamda yo’lovchilardan pul yig’ib olishga ulgurish kerak. Oson emas,” - deydi Pirs.

Yaqin orada ko’prik qurilmas ekan, “White’s Ferry” paromi jamoatchilik ehtiyojini qondirishda davom etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG