Breaking News

AQSh Afg'oniston kelajagidan umidvor


Afg'oniston poytaxti Kobul
Afg'oniston poytaxti Kobul
O’tgan hafta Vashingtonda uyushtirilgan anjumanda so’zga chiqqan mahalliy tahlilchilar nazarida, xalqaro kuchlar Afg’onistonni 2014-yilda tark etgandan so’ng mamlakat yana beqarorlikka yuz tutishi mumkin. Biroq AQSh rasmiylari o’zgacha fikrda. Amerika 2014-yildan keyin ham Afg’onistonni o’z holiga tashlab qo’ymaydi, deydi ular.

Mustaqil kuzatuvchilar fikricha, afg’on armiyasi AQSh hisobiga kun kechirmoqda. Moliya kesilgach yoki umuman to’xtagach, Afg’oniston qurolli kuchlari tarqalib ketadi, hukumatning Tolibonga tishi o’tmay qoladi.

Beqarorlik bois, deydi tahlilchilar, AQSh 2010-yilda e’lon qilgan va Afg’onistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan integratsiyasini ko’zlagan Yangi Ipak yo’li strategiyasidan foyda bo’lmaydi, Afg’oniston orqali o’tishi rejalangan quvurlar esa hali beri amalga oshmaydi.

AQShning sobiq va amaldagi rasmiylari tahlilchilar xulosasiga qo’shilmaydi. Yaqingacha Mudofaa vazirligida Markaziy Osiyo masalalari bilan shug’ullangan Deyvid Sednining aytishicha, xalqaro qo’shinlar Afg’onistonni tark etgani bilan AQShning Afg’oniston yoki Markaziy Osiyoga doir siyosati tugamaydi.

"2014-yildan so’ng afg’on armiyasini moliyalashga chek qo’yilmaydi. Qo’shinlarimiz ham butunlay mamlakatdan ketmaydi. Oz sonli harbiylar qolib, afg’on armiyasi tayyorgarligi bilan shug’ullanadi. Aytish joiz, jangovar operatsiyalar mahalliy xavfsizlik kuchlari boshchiligida o’tmoqda", - deydi Sedni.

Sobiq rasmiyga ko’ra, AQSh va Afg’oniston ayni damda ikki tomonlama xavfsizlik bitimi ustida ishlamoqda. Hujjat 10 yilga mo’ljallangan bo’lib, AQSh harbiy yordami va xavfsizlik kafolatlarini o’z ichiga oladi. Bu esa Amerika Afg’onistonni o’z holiga tashlab qo’yadi degani emas, deydi Sedni.

"Afg’on xavfsizlik kuchlarining o’ziga yarasha muammolari bor, albatta. Ularni mukammal, kamolotga yetgan deb bo’lmaydi. Ammo Tolibonga qarshi samarali kurashish uchun afg’on qo’shinlari jangarilardan harbiy tayyorgarlik bobida ustun bo’lsa bas. Va shuni aytishim kerakki, afg’on harbiylari Tolibondan ancha kuchli", - deydi Mudofaa vazirligi sobiq rasmiysi.

Deyvid Sednining aytishicha, Markaziy Osiyo barqarorligi Afg’oniston tinchligi bilan chambarchas bog’liq. Mintaqa NATO kabi jiddiy regional xavfsizlik tashkilotiga muhtoj. Buni Shanxay hamkorlik tashkiloti yoki Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti asosida yoki butunlay yangidan yaratsa bo’ladi, deydi u.

"Markaziy Osiyo davlatlari Qo’shma Shtatlar Afg’onistonni birdaniga tashlab ketib qoladi degan xavotirda. Ammo bunday bo’lmaydi. Amerikaning oz sonli askarlari Afg’onistonda qoladi va harbiy yukni mamlakatga yetkazishda hali ham transport tarmog’iga ehtiyojimiz bo’ladi, yuk hajmi hozirgiday katta bo’lmasa-da", - deydi Sedni.

Ekspertga ko’ra, AQSh Markaziy Osiyo davlatlari bilan harbiy hamkorlikni yolg’iz Afg’oniston xavfsizligi doirasida olib borayotgani yo’q. Mintaqa davlatlari bilan ikki tomonlama xavfsizlik bitimlari bor, deydi u.

AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalariga mas’ul rasmiysi Linn Treysi ham Afg’oniston kelajagidan umidvor.

"Bugungi Afg’oniston 1990-yillardagi Afg’onistondan keskin farq qiladi. Bugun uning dunyo bilan aloqasi bor, yoshlari maktabda o’qiyapti, internetda ijtimoiy sahifalarda faol, qo’shni davlatlar bilan savdo qilmoqda. Afg’onlarning aksariyati o’tmishga qaytishni istamaydi", - deydi diplomat.

Uning aytishicha, so’nggi 10 yilda Afg’oniston ko’plab yutuqlarga erishdi. Mamlakat kelajagi afg’onlar qo’lida. Rahbariyatning bundan keyingi qadamlari yo bu yutuqlarni yangi bosqichga olib chiqadi yoki ularning qo’ldan boy berilishiga olib keladi, deydi Linn Treysi.

Davlat departamenti rasmiysi 2010-yilda sobiq davlat kotibi Xillari Klinton e’lon qilgan Yangi Ipak yo’li strategiyasi ish berishiga ishonadi. Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiyani kuchaytirish kerak, deydi u.

"Bu dunyoda eng kam integratsiyalashgan mintaqa. Qo’shnilar o’rtasidagi umumiy savdo hajmi dunyoning qolgan qismi bilan savdo-sotiqning olti foizini tashkil qiladi, xolos. Masalan, Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar o’rtasida tijorat hajmi 64 foizga teng. Markaziy Osiyo mamlakatlari bir-biri bilan kam savdo qiladi", - deydi AQSh rasmiysi.

Linn Treysining aytishicha, integratsiya mintaqa barqarorligi va tinchligi kafolati bo’lib, Qo’shma Shtatlar Afg’oniston va Markaziy Osiyo davlatlariga bunda yordam berishga tayyor.
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG