AQSh Afg’onistondagi mahalliy hamkorlar bilan birgalikda ilk bor giyohvand moddalarga qarshi harbiy amaliyot o’tkazdi. Maqsad Tolibonni moliyaviy manbalaridan ayirish. Xalqaro hamjamiyat shu paytgacha Afg’onistonda opium savdosiga qarshi yetarli darajada kurashmayotgani tanqid ostida edi.
Afg’onistondagi AQSh kuchlari va NATO harby missiyasi qo’mondoni Jon Nikolsonning aytishicha, havo orqali berilgan zarbalarda Hilmanddagi giyohvand moddalar yetishtiriladigan Tolibon inshootlari vayron qilingan.
“Ko’knor geroinga aylantiriladigan laboratoriyalarni nishonga oldik. Oxirgi mahsulotlari saqlanadigan omborlarni, pul va nazorat markazlarini urdik. Hisobimizga ko’ra, bu noqonuniy iqtisodiyotdan 200 million dollardan ortiq mablag’ Tolibonning cho’ntagiga borayotgan edi”, - deydi general.
Uning aytishicha, hujumlar afg’on dehqonlarini nishonga olmaydi; qo’shimcha zarar va fuqarolar o’limining oldini olish uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qilinmoqda.
Afg’oniston armiyasi shtabi rahbari general Sharif Yaftali Tolibonga qarshi amalga oshirilgan bu hujumlarni olqishladi.
BMTning o’tgan hafta e’lon qilgan hisobotiga ko’ra, bu yil Afg’onistonda narkotik moddalar ishlab chiqarish qariyb ikki baravar ortib, 9000 tonnaga yetgan.
Kuzatuvchilar mamlakatdagi uzoq yillik zo’ravonlik va nizolar to’xtamayotganida giyohvand moddalar biznesning o’rni katta ekaniga e’tibor qaratadi.
AQSh harbiylari taxminiga ko’ra, Tolibon byudjetining 60 foizi noqonuniy narkotiklar savdosidan keladi.
Nikolsonning aytishicha, Tramp ma’muriyati unga giyohvandlikka qarshi urush ochish bo’yicha yangi vakolatlar bergan.
Avgust oyida Tramp ma’muriyati e’lon qilgan yangi siyosat asosida Afg’onistonga qo’shimcha 3000 amerikalik askar olib kelindi. AQSh armiyasi, shuningdek, Tolibonga va “Islomiy davlat” guruhiga qarshi havo zarbalarini kuchaytirdi.
Harbiy amaliyotlarni kuchaytirish orqali xalqaro koalitsiya Tolibonni zaiflashtirib, uni muzokaralar stoliga o’tirishga majburlamoqchi.
Yangi siyosat, deydi general Nikolson,Tolibonga boshpana beradiganlarni, xususan, mamlakatdan tashqarida shu ish bilan shug’ullanadiganlarni ham nishonga oladi. Shu maqsadda Tramp ma’muriyati qo’shni Pokistondan Tolibonga qarshi bosimni kuchaytirishni so’rab keladi.
Islomobod esa hech qanday isyonchilarga boshpana yoki himoya bermaganini aytib keladi. Agar bizning hududda jangarilar bo’lsa, biz chora ko’rishimiz uchun dalil va ma’lumot bering, deydi Pokiston rasmiylari.
Facebook Forum